Toshkent xalqaro aeroportida 1,5 mlrd so‘mlik tilla soatni olib o‘tayotgan shaxs ushlandi
Joriy yilning 24 avgust kuni soat 02:40 atrofida Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti chegara-bojxona posti xodimlari tomonidan «Dubay – Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha uchib kelgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi tegishli tartibda tekshirilgan. Unga tegishli bo‘lgan qo‘l sumkasi ichidan bojxona nazoratiga belgilangan tartibda taqdim etilmagan, deklaratsiyalanmagan, jismoniy shaxslar tomonidan olib kirish me’yoridan ortiq bo‘lgan, qiymati 1 mlrd. 540 mln. 260 ming so‘mlik 1 dona sariq rangli metalldan yasalgan, oq rangli toshlar bilan bezatilgan «Patek Philippe Geneve» yozuvli qo‘l soati borligi aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, jismoniy shaxslarga og‘irligi 200 grammgacha bo‘lgan kumushdan hamda 65 grammgacha bo‘lgan oltin va boshqa qimmatbaho metallardan yasalgan tayyor zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan, ushbu miqdorlardan ortiq bo‘lganlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqishga ruxsat beriladi.
Ushbu tartibni buzgan fuqaro MJtKning 227-19-moddasi bilan javobgarlikka tortiladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA