Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyatining mahalliy byudjeti belgilandi
14:51 / 2025-12-30

Nurafshon shahrida o‘tkazilgan Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdagi yigirma oltinchi sessiyasida ko‘plab muhim masalalar ko‘rib chiqildi. Unda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev, deputatlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Xususan, 2026 yil uchun Toshkent viloyatining mahalliy byudjetini tasdiqlash masalasi muhokama qilinib, mazkur masala yuzasidan viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari tomonidan hisobot berildi. 

Jumladan, “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, Toshkent viloyati mahalliy byudjetining 2026 yilgi daromadlari 7,4 trillion so‘m va xarajatlari 7,7 trillion so‘m etib belgilangani ma’lum qilindi. 

Bunda Mahalliy byudjeti xarajatlarining 59 foizi ijtimoiy sohaga yo‘naltiriladi. Jumladan, maktabgacha ta’lim sohasi uchun 338,4 milliard so‘m, umumiy o‘rta ta’lim sohasi uchun 601,9 milliard so‘m, oliy va o‘rta-maxsus ta’lim uchun 323,3 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan. 

Kelgusi yilda sog‘liqni saqlash sohasiga 3 trillion 26,5 milliard so‘m, sport sohasi uchun 200,4 milliard so‘m, madaniyat sohasidagi davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun 1,9 milliard so‘m, sport sohasidagi dasturlarga 10,8 milliard so‘m ajratiladi. 

Sessiyada o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish masalasi ko‘rib chiqilib, bu borada mas’ul tashkilot rahbari axboroti eshitildi. Shundan so‘ng Prezidentimizning tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvida berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi masalaga ham e’tibor qaratildi. 

Ushbu yo‘nalishda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari tomonidan axborot taqdim etildi. Yakunda sessiya kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar qo‘yildi. 

A.Musayev, O‘zA.