Olmaliq shahridagi “Metallurg” madaniyat saroyida “Ishbilarmon ayol – 2022” ko‘rik-tanlovining Toshkent viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Mustaqilligimizning 31 yillik bayrami munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida tashkil etilgan mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi deputatlari, O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi a’zolari, partiya Toshkent viloyati rahbar, xodimlari, tanlovning tuman-shahar bosqichi g‘oliblari, tadbirkorlar, partiya faollari qatnashdi.
Dastlab tanlov doirasidagi ko‘rgazmada viloyatda faoliyat yuritayotgan salohiyatli fermer, tadbirkor va ishbilarmon ayollar rahbarligidagi korxonalar mahsulotlari namoyish etildi.
Tanlov ishtirokchilarini Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O'zLiDeP, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Savdo-sanoat palatasi vakillaridan iborat hakamlar hay’ati a’zolari baholadi.
Hakamlar ishtirokchilarga baho berishda ularning eksport va import salohiyati, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishdagi faolligi, nogironlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashda amalga oshirgan xayrli ishlari, xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish, uyushmagan ayollarga kasb-hunar o‘rgatish singari jihatlarini inobatga oldi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Parkent tumanidagi “SHABNAM ELEGANT” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Surayyo Telakova birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘ringa O‘rta Chirchiq tumanidagi “AGRO CITY” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Dilbar Ahmedjanova munosib topildi. Uchinchi o‘rin esa Ohangaron tumanidagi “OHANGARON RUSTAM AGRO” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Nasiba Dadamatovaga nasib qildi.
– Bu galgi tanlov g‘olibini aniqlash hakamlar hay’atiga oson bo‘lmadi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Dilbar Usmonova. – Sababi ishtirokchilarning har biri e’tirofga loyiq yutug‘i, salohiyati, hudud iqtisodiyotida tutgan o‘rniga ega. Bir tadbirkor ayolimiz xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilgan bo‘lsa, ikkinchisi imkoniyati cheklangan xotin-qizlarni kasb-hunarga yo‘naltirgan. Yana biri hali 22 yoshda bo‘lishiga qaramasdan hunar sirlarini mukammal egallab, 20 dan ortiq shogirdlarni yetishtirgan. Bularni aytib ado qilib bo‘lmaydi. Endilikda ayollarimiz nafaqat o‘z oilasining moddiy farovonligini ta’minlayapti, balki mamlakat iqtisodiyotiga ham munosib hissa qo‘shyapti. O‘ylaymanki, biz munosiblarni xolisona baholadik.
G‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
A.Musayev, O‘zA