Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyatining 17 foiz aholisi “Tashabbusli byudjet” loyihasida ovoz berdi
14:23 / 2022-04-25

Prezidentimizning 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq har bir tuman-shahar byudjetlari mablag‘larining belgilangan miqdorlarini “Fuqarolar byudjeti”ga yo‘naltirish orqali aholining takliflari asosida joylardagi dolzarb muammolarni yechish uchun sarflanishiga alohida e’tibor qaratilgan. O‘tgan vaqt davomida mazkur yo‘nalishda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Toshkent viloyati bo‘yicha Tashabbusli byudjet jarayonining 2022 yil fevral-mart oylarida o‘tkazilgan mavsumi doirasida tuman (shahar) byudjetlari hisobidan jami 112 milliard so‘mga yaqin mablag‘lar yo‘naltirildi. “Ochiq byudjet” axborot portalida fuqarolar tomonidan 4 ming 498 ta (2021 yildagi 2 ming 329 ta taklifga nisbatan ikki barobar ko‘p) takliflar ilgari surildi.

Mazkur takliflarni hududiy ishchi komissiyalar tomonidan tegishli mezonlarga muvofiq saralash jarayonlari yakuniga ko‘ra 2 ming 225 ta taklif saralanib ovoz berish jarayoniga o‘tkazildi. Unda 504 mingdan ortiq (viloyat jami aholisining 17 foizi) ovoz berildi.

Ma’lumot o‘rnida, 2021 yilda fuqarolar tomonidan 1 ming 464 ta taklifga 104 mingdan ortiq (viloyat jami aholisining 3,5 foizi) ovozlar berilgan bo‘lib, bu boradagi ko‘rsatkichlar 2022 yilda qariyb besh barobarga ko‘pligi fuqarolarning ushbu jarayonga bo‘lgan ishonchi va faolligi ortganini yaqqol ko‘rsatyapti.

Joriy yilning ilk mavsumidagi ovoz berish jarayoni yakunlariga ko‘ra ajratilgan mablag‘lar doirasida viloyat bo‘ylab eng ko‘p ovoz to‘plagan jami 223 ta (2021 yilda 114 ta) loyiha “Ochiq byudjet” axborot portali orqali avtomatik ravishda g‘olib, deb topildi.

Bundan tashqari, Tashabbusli byudjet jarayonlarida fuqarolarning faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlash hamda ilgari surilgan loyihalarda aks ettirilgan dolzarb muammolarni qisqa muddatlarda bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 7 apreldagi “Tuman va shahar byudjetlari mablag‘larini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo‘naltirish jarayonlarida fuqarolarning ishtirokini yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2022 yilning birinchi choragida o‘tkazilgan Tashabbusli byudjet jarayonlarida viloyat bo‘yicha har biri 2 mingdan ortiq jami 22,9 ming ovoz to‘plagan, lekin g‘olib deb topilmagan 7 ta (respublika bo‘yicha 139 ta) loyihani amalga oshirish uchun respublika byudjetidan qo‘shimcha ravishda 5,3 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi.

Ovoz berish jarayonlari bo‘yicha g‘olib, deb topilgan loyihalarda belgilangan ishlarning to‘liq va sifatli amalga oshirilishi hamda o‘z vaqtida moliyalashtirilishini nazorat qilish borasida viloyat, tuman va shahar hokimliklari, Bosh prokuratura tomonidan doimiy nazorat o‘rnatilgan.

A.Musayev, O‘zA