Burchmullo davlat o‘rmon xo‘jaligining Obirahmat nazorat posti. Shamol kuchli esmoqda. Qorli va sovuq kunga qaramay, bog‘ xodimlari jonivorlarga yem-xashak yetkazish uchun balandliklar — Sargardon hududi sari yo‘l oldi. Biz ularga ergashdik…
Hudud manzarasi his-hayajonni oshiradi. Chap tomonda ulkan qoyalar, o‘ng tomonda chuqur jarlik — hushyorlikni yo‘qotmaslik zarur. Bu yerda jonivorlarning bugungidek sovuq ob-havo sharoitida panalaydigan bir qator kichik g‘orlarni uchratish mumkin.
Dastlab g‘or va uning atrofi kuzatildi. Qayerga qaramang, jonivorlar izi. Tik jarlik bo‘ylab ohista yurgan Sibir tog‘ echkisining bolasiga ko‘zimiz tushdi. U aynan biz ozuqa tashlagan joydagi soyning narigi qirg‘og‘ida, biroz yuqoriroqda harakatlanardi.
Nihoyat, boshpanamizga ham yetib keldik. Ekspeditsiya a’zolari soni 30 nafarga yaqin. Kechqurun pechkaga har ikki soatda o‘tin qalamasak bo‘lmaydi — harorat nihoyatda sovuq.
Ertasi tongda yana hudud tabiati va hayvonot olamini kuzatish, tasvirga olish uchun yo‘l oldik. Tuni bilan yoqqan qor yo‘lni butunlay to‘sib qo‘ygan. Bunday ob-havo sharoitida jarlik bo‘ylab harakatlanish qiyin. Ustiga-ustak, yo‘limizning 80 foizi ana shunday xavfli joylardan o‘tadi. Qor ostiga yashiringan toshlar istalgan paytda mashinaning yo‘nalishini o‘zgartirib, uni jarlik tomon tortib ketishi mumkin.
Mashina shinalariga zanjir taqildi. Yuklar joylandi. Hamma safarga tayyor. Manzil tomon harakatlana boshladik. Bu yerda olingan tasvirlardan ko‘nglimiz to‘ldi.
[gallery-27568]
Hamrohlarimiz yo‘l-yo‘lakay hayvonlar uchun ozuqa qo‘yib ketyapti. Yo‘l davomida tog‘ echkisi, kiyiklar, to‘ng‘iz va kakliklarni uchratdik. Ularni fotokamera ob’ektiviga muhrladik.
Safardan katta hayajon bilan qaytdik. Ugam–Chotqol milliy tabiat bog‘i o‘zining hayratlanarli manzaralari, jonivorlar olamining boyligi bilan bizda chuqur taassurot qoldirdi.
Kamola Yusupova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA