Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyatidagi tuman, shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlarida matbuot kotiblari ish boshladi
16:01 / 2021-06-16

Mamlakatimizda so‘z erkinligini ta’minlash, amalga oshirilayotgan islohotlarni aholiga o‘z vaqtida yetkazish, mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda oilalarning muammoli masalalarini hal etishda ommaviy axborot vositalarining rolini oshirish bo‘yicha sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning 2019 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”ga qaroriga asosan Toshkent viloyati mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasida axborot xizmati faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Bugun axborot makonida to‘g‘ri faoliyat olib borish soha xodimlaridan katta tajriba va malaka talab etadi. Sababi, zamonaviy kommunikatsiyalar vositasida axborot hajmi keskin ortdi, axborotni uzatish esa tezlashdi. Turli ijtimoiy tarmoqlar va OAVlardagi materiallarga o‘z vaqtida munosabat bildirilmasa, izoh berilmasa, turli mish-mishlar, tushunmovchiliklarga sabab bo‘ladi. Shu bois, bugungi matbuot kotiblari tezkor, bilimli va zamonaviy texnologiyalarni puxta egallagan bo‘lishi lozim.

Ana shu maqsad va vazifalardan kelib chiqib Toshkent viloyatidagi tuman, shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlarida jamoatchilik asosida axborot xizmatlari faoliyati joriy etildi. Hududlardagi matbuot kotiblari uchun o‘quv-seminar tashkil etildi. Unda matbuot kotiblarining axborot bilan ishlash ko‘nikmasini takomillashtirish, axborot xavfsizligini ta’minlash, axborot xurujlari hamda ziddiyatli vaziyatlarga tayyorgarlik, mediasavodxonlik, ochiqlikni ta’minlash, ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik qilish madaniyatini rivojlantirish, ijtimoiy tarmoqlar bilan tizimli ishlashni yo‘lga qo‘yish, axborot muhitida Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligining ijobiy imijini yaratish kabi yo‘nalishlarda bilimlarni oshirishga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlar olib borildi.

– bugungi o‘quv-seminar davomida kelgusi faoliyatimiz uchun muhim ko‘nikmalarga ega bo‘ldik, tajriba to‘pladik, – deydi Angren shahar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi matbuot kotibi Gulbahor Turdaliyeva. – Ayniqsa, ustoz jurnalistlarning bugungi kunda OAV xodimlarining, ayniqsa, matbuot kotiblarining xolis axborot tarqatishdagi muhim o‘rni mavzusida jonli muloqoti barchamizga ma’qul bo‘ldi. O‘zimiz uchun nihoyatda foydali va qiziqarli ma’lumotlarni oldik. Faoliyatimiz davomida matbuot anjumanlari, brifinglar, press-turlar tashkil etish va jurnalistlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasidagi keng tushunchalarga ega bo‘ldik. Bilmaganlarimizni bildik, o‘rgandik, tajriba to‘pladik.

O‘quv-seminar yakunida barcha tinglovchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi.

 

A. Musayev, O‘zA