Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyatidagi mahallalarga elektr yetkazib berish 51 foizni tashkil etmoqda
14:48 / 2022-01-26

Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida tashkil etilgan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish bo‘yicha hamkorlikdagi tezkor shtab o‘z faoliyatini tizimli olib boryapti. Shtabga viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayevning o‘zi boshchilik qilmoqda.

Viloyat hokimining shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, obodonlashtirish va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Barhayot Meliyev ishtirokida tashkil etilgan matbuot anjumanida jurnalistlarga mavjud texnogen vaziyat bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Qayd etilganidek, shtab a’zolari tomonidan elektr, ichimlik suvi, issiqlik va gaz ta’minoti bilan bog‘liq yuzaga kelgan nosozliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, bugun, 26 yanvar kuni soat 12:00 holatiga viloyat bo‘yicha elektr ta’minoti 51 foizni tashkil etmoqda. Bu 518 ta mahallaga elektr to‘liq yetkazib berilayotganini anglatadi.

Hududda jami 568 ta suv inshootlarining 334 tasi ishlayapti. Joylardagi ijtimoiy soha ob’ektlari va ko‘p qavatli uylarni qamrab olgan jami 49 ta qozonxonaning 22 tasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

– Mutaxassislar tomonidan aholiga qulaylik yaratish maqsadida qolgan kommunal soha ob’ektlarini ham ish faoliyatini odatdagi tartibga solish choralari ko‘rilmoqda, – deydi Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari B.Meliyev. – Afsuski, ayrim joylarda elektr ta’minoti qayta tiklanganidan keyin savdo majmualari va xizmat ko‘rsatish shahobchalarida qo‘shimcha elektr quvvati talab qiluvchi reklama monitorlari, turli chiroqlar, qo‘lbola isitish anjomlari va elektr asboblardan tartibsiz foydalanilayotgani vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, hozirgi holatni e’tiborga olib, fuqarolardan elektr va gaz iste’molida imkon boricha tejamkor bo‘lish talab etiladi.

 

A.Musayev, O‘zA