Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyatidagi fidoyi mahalla faollari taqdirlandi
19:04 / 2023-03-22

Olmaliq shahrida uch avlod uchrashuvi o‘tkazildi. Bu galgi muloqot mahalla tizimi xodimlari kunida tashkil etilgani bilan alohida ahamiyatga ega. Unda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, hudud faollari, nuroniylar va yoshlar, o‘z xizmat vazifasini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan harbiylar, huquq-tartibot idoralari xodimlarining ota-onalari, yaqinlari taklif etildi.

Viloyat hokimining farmoyishi bilan bugundan e’tiboran 55 nafar xizmat vazifasini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan harbiylarning oila a’zolariga nafaqa beriladigan bo‘ldi. Viloyatda harbiy tuzilmalar, huquq-tartibot organlari bilan birgalikdagi keng qamrovli yo‘l xaritasi tasdiqlandi.

– Kirib kelayotgan Ramazoni sharif arafasida bunday xayrli muloqotni tashkil etilganida chuqur ma’no bor, albatta, — deydi Zoyir Mirzayev. – Sababi aziz farzandi Vatan tinchligi yo‘lida jon bergan ota-onalar zamonamizning haqiqiy qahramonlari, jasorat va bukilmas iroda timsolidir.

Tadbirda "Mahalla tizimi xodimlari kuni” munosabati bilan Prezidentimiz farmoniga asosan davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan yurtdoshlarimizga orden va medallar topshirildi. Shuningdek, 45 nafar mahalla tizimi vakillariga “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni va esdalik sovg‘alarini topshirildi.

Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda mahallaning maqomi mustahkamlanib, uning xalqimiz hayotida tutgan o‘rni yuksalmoqda. Prezidentimiz rahnamoligida mahalla faoliyatini tubdan yaxshilash, uni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, vazifalari ko‘lamini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilyapti. Mazkur rag‘bat esa tizimda ishlayotgan fidoyi insonlarning kelgusi ishlariga katta kuch bag‘ishlaydi.

San’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturi barchaga manzur bo‘ldi.

A. Musayev, O‘zA.