Nurafshon shahrida O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi Toshkent viloyati Kengashi tomonidan “Eng yaxshi kitobxon oila” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Unda tuman bosqichida g‘olib bo‘lgan 7 nafar oila ishtirok etdi. Tanlov oilalar, ayniqsa, yoshlarning kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishini oshirish, bilim va tajribalarini sinovdan o‘tkazish uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Ishtirokchilar tanlovda “Biz kitobxon oilamiz”, “Biz sevgan kitob” va “Badiiy va ma’naviy savodxonlik bellashuvi” kabi shartlarda o‘z bilimini sinovdan o‘tkazdi.
Mazkur tanlov Prezidentimizning 2017 yil 13 sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash va kitob mutolaasiga yoshlarni keng jalb etish maqsadida tashkil etilgan.
Ishtirokchilar mehmonlarga o‘zlari tayyorlab kelgan o‘zbek yozuvchi va shoirlarining ijod namunalaridan aytib berdi. Shuningdek, chinozlik ishtirokchi-oila vakillaridan jonli tarzda qo‘shiq va angrenlik oila vakilasidan pioninoda klassik musiqalar ham ijro etildi.
Shartlar natijasi hakamlar hay’ati tomonidan ballar bilan beligilab borildi. Qizg‘in tortishuvlar, bahsli chiqishlar, qoyilmaqom ijrolar tanlov hay’atini natija tanlashda biroz shoshirib qo‘ydi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, birinchi o‘ringa Qibray tumanidan Yusufjonovlar oilasi loyiq topildi. Ikkinchi o‘rinni Chirchiq shahridan Saidovlar oilasi egalladi. Uchinchi o‘ringa Yuqori Chirchiq tumanidan Taslimboyevlar va Bekobod shahridan Egamberdiyevlar oilasi sazovor bo‘ldi.
G‘oliblarga partiya viloyat kengashi tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Musayev,O‘zA