Bugun zamonaviy sport taraqqiyotida tez va sifatli quriladigan, ko‘p funksiyalarga ega sport majmualarga katta ehtiyoj sezilmoqda.
Ana shu jihatdan sendvich panelli sport majmualari qurish ommalashib bormoqda.
Sendvich panellari – tez quriladigan binolar va inshootlarning asosiy qismi hisoblanadi. Bunday paneldan qilingan binolarning ichi qishda issiq, yozda esa salqin bo‘ladi.
Ana shunday qurilish zamonaviy tajribasi asosida Toshkent viloyati Toshkent tumani bolalar-o‘smirlar sport maktabi filiali uchun 36x36 o‘lchamdagi ko‘p funksiyali sport majmuasi qurilib foydalanishga topshirildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Majmuada shuningdek, 12x24 o‘lchamdagi sun’iy qoplamali futbol maydoni ham tashkil etilgan bo‘lib, loyihaning umumiy qiymati 4 milliard 120 million so‘mni tashkil etadi.
Qurilish ishlari Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi.
Ushbu universal sport zalida bir paytning o‘zida basketbol, mini-futbol, voleybol, boks, gandbol, kurash va badminton sport turlari bilan shug‘ullanish imkoniyati mavjud.
Natijada tuman yoshlarining qariyb 600 nafari muntazam o‘zlarining sevimli sport turlari bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Sport majmuasining tantanali ochilish marosimida Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Jismoniy tarbiya va sport vazirining o‘rinbosar Nodir Murotov hamda sportchi yoshlar, mahalla faollari ishtirok etdi.
O‘zA