French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasining yangi mavsumi boshlandi
13:35 / 2023-03-03

Nurafshon shahridagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida "Yashil makon" umummilliy harakatida faol bo‘ling!” shiori ostida ko‘chat ekish tadbiri o‘tkazildi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida viloyatda boshlangan mazkur aksiyada Toshkent viloyati hokimligi, hududdagi korxona va tashkilotlar xodimlari, nuroniylar, mahalla faollari, deputatlar va faol yoshlardan iborat 2 ming nafardan ortiq ishtirokchilar 1 ming tupdan ortiq manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekildi.  

Aksiyaning ochilish marosimida viloyat hokimi Zoyir Mirzayev, O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov so‘zga chiqib jarayonlarga start berdi. Qayd etilganidek, shu kunlarda Toshkent viloyatining barcha tuman-shahar va qishloqlarida daraxt ekish bo‘yicha keng ko‘lamda ish olib borilyapti. Hozir sayyoramizda atrof-muhit muhofazasi va ekologiyaga bo‘lgan munosabat eng dolzarb masalalardan biriga aylangan. Bu borada amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ko‘plab vazifalar orasida ko‘kalamzorlashtirish va daraxt ekish, mavjudlarini avaylab-asrash alohida o‘rin tutadi.  

Afsuski, ayrim shaxslarning o‘simlik dunyosi ob’ektlariga bo‘lgan tajovuzkor harakatlari, jumladan, daraxtlarni noqonuniy kesish bilan bog‘liq holatlar umumekologik vaziyatning yomonlashishiga sabab bo‘lyapti. Jumladan, 2022 yilda daraxtlarni noqonuniy kesish bilan bog‘liq 180 dan ortiq huquqbuzarlik aniqlangan. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Toshkent viloyatida yiliga 16 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, shu orqali hududlardagi yashil maydonlarni hozirgi 18 foizdan 40 foizga oshirish rejalashtirilgan.  

Ayni paytda loyihaning bahorgi mavsumiga start berildi. Xususan, 203,4 gektar maydonda 10 million 141 ming 900 dona daraxt va buta ko‘chatlari ekiladi. 2023-2024 yillarda Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrdagi "Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi farmoniga asosan joylarda 50,8 gektar maydonda “Yashil jamoat parklari” tashkil etiladi. Bunda 20 mingdan ziyod manzarali daraxt ko‘chatlari ekiladi. Mazkur sa’y-harakatlarni amalga oshirishda viloyat hududidagi 6 ta O‘rmon xo‘jaliklaridagi ko‘chatxonalarda parvarishlanayotgan 15 million 568 ming tup, shuningdek, xususiy ko‘chat yetishtiruvchi 30 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektlaridagi 10 million dona ko‘chat zaxiralari mavjud.  

Tadbir davomida yaxshi niyatlar bilan jonliq so‘yilib, Qur’on tilovat qilindi. Keksalar yurtimiz tinchligi va xalqimizga farovonlik tilab duo qildi. 3 kun davom etadigan dala ishlarida 23 gektar maydonga katta bog‘ barpo etiladi. Hasharchilar uchun issiq ovqat ham tashkil qilingan.  

A.Musayev.  

O‘zA.