Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyatida umumiy quvvati 470 MVt bo‘lgan 2 ta issiqlik elektr stansiyasi qurilmoqda
17:00 / 2021-04-01

Toshkent viloyatida quvvati 240 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasi va quvvati 230 MVt bo‘lgan gaz-porshenli elektr stansiyasini qurish investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Energetika vazirligi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, Qibray tumani hududida 7 gektar yer maydonida barpo etilayotgan loyihaning umumiy qiymati 300 million AQSH dollarini tashkil qiladi va “Aksa Enerji” kompaniyasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga to‘liq moliyalashtiriladi. Stansiyalar joriy yilning to‘rtinchi choragida ishga tushirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, yiliga 3,9 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Ushbu loyihani amalga oshirish hisobiga yiliga 550 million metr kub tabiiy gaz tejaladi.

Loyiha doirasida “Aksa Enerji” kompaniyasi va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi o‘rtasida investitsiya kelishuvi, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ bilan Elektr energiyasini sotib olish kelishuvlari imzolangan.

Mazkur loyiha Prezidentimizning 2020 yil 13 avgustdagi va joriy yil 4 martdagi qarorlari doirasida amalga oshirilmoqda. Ayni paytda quvvati mazkur stansiyalarda qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Shuningdek, Buxoro viloyatida umumiy quvvati 270 MVt bo‘lgan gaz-porshenli elektr stansiyasida qurilish ishlarini boshlash uchun yer maydonida o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Ahamiyatlisi, qurilish davomida 900 nafar ishchi-xodim faoliyat yuritadi. Stansiyalar ishga tushgach, 220 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Nasiba Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA