Toshkent viloyati hokimligi hamda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mutaxassislari ishtirokida 2020/2021 o‘quv yili yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Toshkent viloyatida jami 916 ta muassasa faoliyat yuritmoqda. Shundan, 891 ta maktabning 14 tasi maxsus maktab va maktab-internatlar, 13 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlar, 22 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi, 2 ta Mehribonlik uyi hamda 1 ta viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish hududiy markazi faoliyat yuritmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020-2021 o‘quv yilida 517 mingga yaqin o‘quvchilar ta’lim olgan. Umumta’lim maktablarida ta’lim 5 tilda (o‘zbek, rus, qozoq, qirg‘iz, tojik) olib borilmoqda.
Prezidentimizning davlat xususiy sherikchilik asosida hamda nodavlat ta’lim muassasalarini tashkil etish bo‘yicha berilgan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida Chirchiq shahrida 1 milliard 200 so‘m mablag‘ hisobidan “Everest” xususiy maktabi tashkil etilgan bo‘lib, maktabning 1-4-sinflarida 75 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Yangiyo‘l shahrining Yangiobod mahallasida 400 o‘rinli xususiy maktab uchun 15 milliard mablag‘ evaziga 4 qavatli yangi maktab binosining qurilish ishlari olib borilmoqda.
Umumta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida joriy yilda Investitsiya dasturiga binoan viloyatda jami 39 ta maktablarda 203 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Jumladan, 4 ta yangi qurilish, 22 ta rekonstruksiya va 13 ta kapital ta’mirlash ko‘zda tutilgan. Umumta’lim maktablarida jami 695 ta sport zallari mavjud bo‘lib, shundan 201 tasida esa mavjud emas.
Iqtidorli o‘quvchilarning ta’lim olishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida 2020 yil 4 ta matematika, 1 ta axborot texnologiyalarini chuqur o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar va 1 ta “Ohangaron-Qorako‘l” maktab-internati tashkil etildi.
2021 yilning yakuniga qadar axborot texnologiyalarini chuqur o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar 8 ta, kimyo va biologiya faniga ixtisoslashtirilgan maktablar 6 ta, matematika faniga ixtisoslashtirilgan maktablar 4 ta, chet tillariga ixtisoslashtirilgan maktablar 22 ta va fizika faniga ixtisoslashtirilgan tayanch maktabi 1 ta ochilishi rejalashtirilgan.
– 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab Toshkent viloyati Nurafshon shahrida ham Prezident maktabi o‘z faoliyatini boshlaydi, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azamat Kamolov. – Buning uchun zarur mablag‘ ajratilgan bo‘lib, 168 o‘ringa moslab bunyod etilyapti. Boshqa viloyatlarga qaraganda viloyatimizda 5-,6-,7-,8-,9-,10-sinflarga qabul bo‘ladi. Joriy yilning 5 iyunidan to shu oyning 20 sanasiga qadar hujjatlar onlayn tarzda qabul qilish boshlanadi. O‘qishga kirish uchun sinov jarayonlari Buyuk Britaniyalik mutaxassislar tomonidan o‘tkaziladi. Bu jarayonda belgilangan yo‘nalishlarda matematika, chet tili va boshqa fanlar bo‘yicha imtihon bo‘ladi. Shuningdek, o‘quvchilarning maktablarda olgan baholari ham a’lo bo‘lishi kerak. Umuman olganda, viloyatda bu boradagi sa’y-harakatlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
Tadbirda Xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi jami 22 ta tuman shaharlarda “Barkamol avlod” bolalar markazlari faoliyat olib borayotgani haqida ham aytib o‘tildi. Jumladan, Zangiota tumanida “Barkamol avlod” bolalar markazi faoliyati yaqin kunlarda yo‘lga qo‘yiladi.
Tahlillarga qaraganda, maktablarda ta’lim olayotgan 515 ga yaqin o‘quvchilar jismoniy tarbiya darslarida ishtirok etadi. Aniqlanishicha, 2 ming 721 ta sport inshootlari mavjud bo‘lib, 2 ming nafardan ziyod qishloq joylarida tashkil etilgan. Matbuot anjumanida hududlarda o‘quvchilarning oliy ta’limga qamrab olish jarayonlari qay tarzda bo‘layotgani, fan olimpiadalarida qatnashishning samaradorligiga to‘xtalib o‘tildi.
– 2020/21 o‘quv yilida Olmaliq shahridagi umumta’lim maktablaridan 9 nafar o‘quvchi viloyat bo‘yicha fan olimpiadalarida birinchi o‘rinni egalladi, – deydi Olmaliq shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri Zohid Xudoyberganov. – O‘tgan yili hududdagi 11 sinf bitiruvchilarining oliy ta’limga kirishi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallab, 33,4 foizga yetdi. Xususan, 5-umumta’lim maktabining 80 foiz bitiruvchilari oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirib, bu boradagi natija bo‘yicha viloyatimizda birinchi o‘rinni egalladi. Joriy yilda ham bu boradagi natijalarimizni yanada oshirishni maqsad qilganmiz. Hozirgacha 14 nafar maktab bitiruvchimiz chet el oliygohlariga qabul qilindi. Shu bilan birga, bu yilgi o‘quv mavsumini muvaffaqiyatli tamomlab, kelgusi yiliga ham tizimli ravishda karantin talablari asosida tayyorgarlik ko‘ramiz.
Shuningdek, matbuot anjumanida ko‘plab masalalar yuzasidan jurnalistlar bergan savollarga batafsil javob berildi.
Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati