Toshkent viloyati hokimining tegishli qaroriga asosan Yuqori Chirchiq tumani “Qo‘rsoy” hamda “Nurli zamin” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida to‘qimachilik va charm sanoati mahsulotlarini chuqur qayta ishlashga ixtisoslashgan industrial texnopark tashkil etiladi.
Hujjatga ko‘ra, viloyat hokimi o‘rinbosari N.Sharipov, “Toshkent hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgaz Toshkent” MCHJ, “Toshkent suv ta’minoti” MCHJ mazkur texnoparkda elektr energiyasi, tabiiy gaz, oqava suv tarmoqlari, markazlashgan suv tozalash inshootlari va boshqa infratuzilmalar barpo etilishini ta’minlaydi. Ushbu texnoparkda xom ashyo tayyorlashdan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan zanjir yaratiladi. bugungi kunda mazkur yo‘nalish bo‘yicha o‘ndan ortiq investitsiya loyihalari shakllantirilgan.
Toshkent viloyati statistika boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, hududda o‘tgan yil to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish 4 trillion 858 milliard so‘mni tashkil etdi. To‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish sanoati yillar kesimida tahlil qilinganda bu ko‘rsatkich 2020 yil 92,3 foiz, 2021 yil 114 foiz va 2022 yilda esa 105,2 foizni tashkil etgan. O‘z navbatida kiyim-kechak ishlab chiqarish hajmi 2 trillion 643 milliard so‘mga yetgan.
A.Musayev, O‘zA.