Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyatida paxta terimi boshlandi
16:59 / 2023-09-08

Oltin kuzning o‘tayotgan har bir lahzasini g‘animat bilgan Toshkent viloyati dehqonlari mavsum sarhisobiga yaqinlashmoqda. Dalalarda yetishtirilgan paxta hosilini uvol qilmasdan yig‘ib olish galdagi muhim vazifalardan biri. Buning uchun joylarda puxta tayyorgarlik ko‘rildi.

Viloyatda 2023 yilda 70 ming 161 gektar maydonda g‘o‘za parvarish qilingan. Ushbu maydonlarda 283 ming tonna paxta xom ashyosini yetishtirish uchun 2 ming 100 ta fermer xo‘jaligi va 6 ta paxta-to‘qimachilik klasteri bilan kontraktatsiya shartnomalari tuzilgan. Joylarda soha mutaxassislari bilan birga dalalarda defoliatsiya tadbirlari sifatli tashkil qilinmoqda.  

Piskent tumani paxta tozalash zavodi hududida terim otryadlarining mavsumga tayyorgarligi yuzasidan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda Toshkent viloyati hokimining 1-o‘rinbosari Xolmirza Niyozov, Piskent tuman hokimi Nodirbek Yakubov, barcha sektor rahbarlari, tegishli hokim o‘rinbosarlari, “Real agro sotton” paxtachilik klasteri rahbarlari, agrar soha mutaxassislari hamda terim otryadlari boshliqlari qatnashdi.  

Paxtakorlarning maqsadi 24 ming 69 tonna “oq oltin” xirmoni bunyod etish. Mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazish maqsadida zarur texnika vositalari, 8 ta terim mashinasi, 120 ta traktor, 220 ta tirkama, 110 ta terim otryadi tashkil etilib, fermer xo‘jaliklarida terimchilar uchun zarur sharoit yaratilgan.

– Paxta mavsumi ish bilan band bo‘lmagan fuqarolar uchun daromadli davr hisoblanadi, – deydi tuman hokimi Nodirbek Yakubov. – Terim otryadlari uchun paxtazorda oziq-ovqat, ichimlik suvi va issiq choy, kundalik terim pullari hamda hasharchilar uchun xavfsiz yotoq joylari hozirlangan. Ammo terimda majburiy mehnatning har qanday ko‘rinishiga, voyaga yetmaganlarning jalb qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Buni qat’iy nazoratga olganmiz.  

Shundan so‘ng, jonliq so‘yildi. Qur’on tilovat qilinib, el rizqiga, hosilga baraka tilab, duolar qilindi. Seminar yakunida 110 ta otryad rahbarining har biri qozon-o‘choq, zarur oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi hamda har biri 2 million 500 ming so‘mdan avans pullarini qabul qilib oldi.  

Bo‘ka tumanida o‘tkazilgan seminarda esa Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, sektor rahbarlari, tuman sektor rahbarlari, agrar soha vakillari, fermerlar va terim otryadlar boshliqlari qatnashdi. Unda paxta yig‘im-terim mavsumini tez va uyushqoqlik bilan tashkil etish, hosilni nobud qilmasdan yig‘ib olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar muhokama qilinib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish lozimligi ta’kidlandi.  

Paxtachilik klasteri va fermerlarning texnikalari ishchi holatda ekani, otryadlarni shakllantirish, terimchilarni rag‘batlantirish, shuningdek, terimchilar uchun munosib yotoq joylari tayyorlash, terim ishlari olib borilayotgan har bir dala maydoni boshida terimchilar ovqatlanishi uchun sharoitlar hozirlash bo‘yicha zarur tavsiya va topshiriqlar berildi. Bu boradagi sa’y-harakatlar boshqa tumanlarda davom etilmoqda.  

A.Musayev, O‘zA muxbiri