Bu yil o‘zbek futboliga asos solinganiga 110 yil to‘ladi. Ayni paytda shu munosabat bilan joylarda mazkur sanaga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Xususan, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov boshchiligidagi futbol faxriylari, futbol rivojiga ulkan hissa qo‘shgan mutaxassislar Nurafshon shahrida ko‘tarinki kayfiyatda kutib olindi.

Mehmonlarni viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev qabul qildi. Uchrashuv davomida viloyatning futbol tarixi, rivoji, millionlar o‘yinining istiqboldagi taqdiri xususida fikr yuritildi.
Shundan so‘ng ularga Yuqori Chirchiq tumanidagi "Do‘stlik" markaziy o‘yingohi o‘rnida qayta tiklanayotgan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, O‘zbekiston milliy terma jamoasi bazasining qurilish ishlari, tuman sport maktabida mazkur sana munosabati bilan tashkil etilgan futbol musobaqalari, viloyatdagi yirik futbol stadionlari ko‘rsatildi. Shuningdek, o‘zbek futboli rivojiga munosib hissa qo‘shgan viloyatdagi faxriy va nomdor futbolchilar holidan xabar olindi.

Ravshan Ermatov mamlakatimizda futbol rivojiga qo‘shgan hissasi uchun viloyat yetakchisi Zoyir Mirzayev hamda futbolni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh faollarga O‘FA ko‘krak nishoni va esdalik sovg‘alari topshirdi.
Soha mutaxassislari Bekobod shahar markazida yangi barpo etilgan futbol akademiyasi faoliyati bilan ham tanishdi.
A.Musayev, O‘zA