Nurafshon shahrida O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazuvchi 10-Toshkent viloyati okrug komissiyasining birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishni okrug komissiyasi raisi Ulug‘bek To‘xtayev boshqardi. Ma’lumki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2023 yil 10 martdagi hamda Senatining 14 martdagi qarorlariga ko‘ra, 2023 yil 30 aprel kuni “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumi o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2023 yil 16 mart kuni o‘tkazilgan majlisida referendumni o‘tkazish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegarasi doirasida 14 ta referendum okrugi tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Referendumga doir qonunchilikka ko‘ra, referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyasi a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tavsiyasi asosida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlandi. O‘z navbatida, Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida ham O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazuvchi 10-Toshkent viloyati okrug komissiyasi a’zoligiga nomzodlar tavsiya etilgan. Shundan kelib chiqib, referendum o‘tkazuvchi 10-Toshkent viloyati okrug komissiyasi tarkibiga saylovga hamda referendumlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish borasida ish tajribasiga ega bo‘lgan, aholi o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan fuqarolar orasidan komissiya raisi, o‘rinbosari, kotibi va 21 nafar a’zo nomzodi deputatlar tomonidan ma’qullangan edi.
Yig‘ilishda komissiya a’zolari tomonidan zarur tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi. Unda referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha ish rejasi tasdiqlandi. Shuningdek, komissiya a’zolarining vazifalari taqsimlanib, referendumga tayyorgarlik ko‘rish davrida okrug saylov komissiyasi a’zolarining navbatchilik jadvali belgilandi. Kun tartibidan o‘rin olgan barcha masalalar a’zolar tomonidan keng muhokama etildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
A.Musayev, O‘zA