Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyatida noqonuniy saqlanayotgan yo‘lbars va pitonlar aniqlandi(+video)
14:48 / 2025-05-22

Toshkent viloyatidagi xususiy xonadonlardan birida yo‘lbars va pitonlar noqonuniy ravishda saqlanayotgani aniqlandi.

Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi, Bosh prokuratura, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi va Milliy gvardiya xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan nazorat reydi davomida Toshkent tumanida joylashgan “Tutzor” mahallasida yashovchi fuqaro Sh.A.ning xonadonda 1 dona Amur yo‘lbarsi va 7 dona yo‘lbarssimon piton iloni saqlab kelingan.

Mazkur holat Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 1 yanvaridan kuchga kirgan 736-sonli qaroriga zid hisoblanadi. Unga ko‘ra, jismoniy shaxslar tomonidan qator yovvoyi hayvonlar, shu jumladan yirtqichlar va nodir turdagi ilonlarni tutqunlikda saqlash, shuningdek, sirk tomoshalarida ulardan foydalanish qat’iy ta’qiqlangan.

Shunga ko‘ra, aniqlangan yovvoyi hayvonlar – Amur yo‘lbarsi va pitonlar Toshkent hayvonot bog‘iga topshirilgan.

Hozirda Bosh prokuratura tomonidan mazkur holat yuzasidan huquqiy baho berilmoqda.

Ekologik nazorat tadbirlari viloyatning boshqa hududlarida ham shu tariqa davom ettirilmoqda.  

Avvalroq o‘tkazilgan shunga o‘xshash reydlar natijasida Toshkent shahri va viloyatidagi turli pitomniklar hamda xususiy hududlarda ruxsatnomasiz saqlanayotgan 80 dan ortiq sut emizuvchi hayvonlar va parrandalar, jumladan 4 dona Afrika sheri aniqlangan.

“Ushbu tadbirlar tabiat boyliklarini muhofaza qilish, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va noqonuniy faoliyatlarni oldini olish maqsadida izchil amalga oshirilmoqda” deydi Ekologiya vazirligi, Toshkent viloyat boshqarmasi.  

M.Eshmirzayeva, O‘zA