Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyatida Navro‘z tantanalari
15:31 / 2024-03-24

Mamlakatimizning barcha joylarida bo‘lgani kabi Toshkent viloyatida ham "Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z" shiori ostida bahor bayrami keng nishonlanyapti. Asosiy tantanalar esa Nurafshon shahridagi amfiteatr va uning atrofida tashkil qilindi.

Barchaning kayfiyati o‘zgacha. Karnay-surnay sadolari ostida mehmonlarning kutib olinishi, folklor jamoalarining chiqishlari, milliy hunarmandlik namunalari namoyishi, dillarni yashnatgan Navro‘z shukuhi barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.  

Amfiteatrga olib boruvchi katta yo‘l bo‘yida har bir tuman va shahar uchun bayram pavilonlari ajratilgan. Sumalak, osh, bahor ne’matlaridan tayyorlangan ko‘k chuchvara, ko‘k somsa singari tansiq taomlar bayram dasturxonlarini bezagan.

Viloyat ahli va mehmonlar taomlardan totib ko‘rib, hududlarning azaliy pazandalik va mehmonnavozlik qadriyatlariga baho berdi.

– Bu yilgi bayram shodiyonalari o‘zgacha taassurotlarga boy bo‘lyapti, – deydi Chinoz tumanidagi “Birlik” mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlar yetakchisi, “Kelajak bunyodkori” medali sohibi Sarvarbek Mirzayev. – Chinoz tumanidan ham faollar kelishgan. Biz ham o‘z hududimiz madaniyatini keng ommaga ko‘rsatyapmiz. Fursatdan foydalanib, barchani yangilanish ayyomi bilan tabriklayman.  

Tadbir davomida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev viloyat faollari, oqsoqollar, deputatlar, faol yoshlar bilan birga sayilgohni  aylanib, aholini Navro‘z bilan tabrikladi.

Hokim O‘zbekiston Respublikasi davlat xoreografiya akademiyasida tahsil oluvchi "Nurafshon mavjlari" ansambli raqqosa qizlari bilan suhbatlashdi. Ularning kelgusi rejalari va maqsadlari bilan qiziqdi va omadlar tiladi. Raqqosa qizlar tomonidan doira raqsi namoyish qilindi.

Viloyat polvonlari o‘zaro kuch sinashdi. G‘oliblarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Umuman olganda, asosiy bayram tadbiri bo‘layotgan amfiteatrgacha bo‘lgan hudud atrofida o‘zgacha kayfiyat hukmron. Har yerda ko‘rgazma, kuy- qo‘shiq avjida. Bunday ko‘tarinki kayfiyat bejiz emas. Viloyatning turli milliy madaniyat markazlarining urf-odatlarini ko‘rsatuvchi ko‘rgazmalar, hunarmandlar, qo‘li gul musavvirlari qo‘l mehnati bilan yaralgan buyum va asarlari, ijod namunalari barchaga manzur bo‘ldi.  

Bayram dasturida yurtimizning tinchligi, xalqimizni birdamlikka, mehr-oqibatga undovchi badiiy sahna ko‘rinishlari namoyish qilindi. Xalqlar do‘stligini tarannum etuvchi qo‘shiqlar kuylandi. Ayniqsa, estrada xonandalarining chiqishlari barchaga manzur bo‘ldi.

A.Musayev, D.Ernazarov (surat),

O‘zA muxbirlari