Toshkent viloyati hokimligida narx-navo barqarorligini saqlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan brifing o‘tkazildi. Unda Zoyir Mirzayev bajarilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.
Qayd etilganidek, viloyatda 280 ta qolipli non ishlab chiqaruvchi va 114 ta un mahsulotlari bilan chakana savdo qiluvchi korxonalardan 3 iyun kuni 219 tasi birja savdolarida ishtirok etib jami 3,1 milliard so‘mlik 713,6 tonna un mahsulotlari sotib olindi. Ushbu xarid qilingan un mahsulotini 1 kunlik talabni qondirish tahlil qilinganda viloyatning bir kunlik talabi 320 tonnani (qolipli non ishlab chiqarish uchun 145 tonna) tashkil etib, 3 iyun holatiga 393,6 tonna un ortig‘i bilan xarid qilingan. (2 iyun holatiga 601,3 tonna olingan, 3 iyun holatiga 713,6 tonna)
Viloyatdagi 1 ming 20 ta MFYlarda 4 ming 913 ta non mahsulotlari bilan chakana savdo qiluvchi tadbirkorlik sub’ektlari mavjud bo‘lib, ularni un va non mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha mahalla raislari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari, profilaktika inspektorlari, hokim yordamchilari bilan birgalikda mahallalardagi savdo shoxobchalari bo‘yicha kunlik nazorat o‘rnatilgan. Viloyatdagi mavjud 280 ta non ishlab chiqaruvchi korxonalarga viloyat hamda shahar va tuman prokuraturalaridan 128 nafar xodim biriktirilib non ishlab chiqaruvchi korxonalarning to‘liq quvvatda va uzluksiz ishlashini ta’minlash bo‘yicha kunlik joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Joriy yilning 3 iyun holatiga “Temir daftar” ro‘yxatida bo‘lgan, bir martalik moddiy yordam olmagan oilalarga tarqatiladigan un bo‘yicha 6 ta shahar va tumanlarda yashovchi 135 ta oila va ularda istiqomat qiluvchi 502 nafar fuqarolarga 10 ming 40 kg un “Ohangaron don” zavodidan ajratildi. 72 ta olis va tog‘li hududlardagi 190 ming nafar aholiga un mahsulotlarini yetkazib berishdagi transport xarajatlari viloyat mahalliy byudjeti hisobidan qoplab beriladi.
Narxlarni tizimli nazorat qilish maqsadida, har bir mahallada deputatlar, nuroniylar va faollardan iborat jamoatchilik komissiyalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda viloyatdagi un mahsulotlari chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi, qolipli non ishlab chiqaruvchi va non yopuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga soliq va prokuratura huzuridagi departament vakillari biriktirilib, narxlar nazoratga olingan.
A.MUSAEV,
O‘zA.