Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyatida ishonchli vakil saylovoldi tashviqotini boshladi
18:19 / 2023-06-07

Bekobod shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zLiDePdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodning ishonchli vakili Sayyora Fayziyevaning hudud faollari, turli soha xodimlari, deputatlar, davlat va jamoat vakillari, faxriylar, nuroniylar, yoshlar hamda “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” AJ ishchi-xodimlaridan iborat saylovchilar bilan tashviqot uchrashuvi tashkil etildi.

Partiya nomzodining ishonchli vakili Sayyora Fayziyeva saylovchilarga Shavkat Mirziyoyevning hayoti, mehnat faoliyati, insoniy fazilatlari borasida atroflicha to‘xtalib, beshta ustuvor maqsadni qamrab olgan saylovoldi dasturini izohlab berdi. Unda keltirilgan xalqchil tashabbus va konseptual g‘oya va maqsadlar, ustuvor vazifalarga atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Xususan, 2022 yil boshida aholisi soni 3 million nafarga yetgan Toshkent viloyatining og‘riqli nuqtalaridan biri uy-joy bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilganini ta’kidladi.  

Birgina, Toshkent viloyatidan boshlangan “Mening birinchi uyim” yangi ipoteka dasturi o‘zini oqlab, butun respublika bo‘ylab keng quloch yozdi. Bu dastur aholining munosib turmush kechirishiga xizmat qiluvchi xayrli islohot bo‘lgani bilan haqli ravishda tariximizda qolishi shubhasiz. Zangiota tumanida barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivi ham xalqimizning bunyodkorlik salohiyati namunasi bo‘lishi muqarrar. Nomzod saylovoldi dasturining birinchi maqsadi ham har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur sharoit yaratishdir. Bunda ayniqsa, ta’lim sifatini oshirishdan tortib, aholi salomatligini yaxshilash, sog‘liqni saqlash tizimini to‘liq raqamlashtirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, ayollarning ish sharoitlarini yaxshilashgacha bo‘lgan jarayonlarning barchasi to‘liq qamrab olingani zamirida juda katta insonparvarlik yotibdi. Shuningdek, saylovoldi dasturning ikkinchi maqsadi mamlakatimizning barqaror o‘sishini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, 2030 yilgacha iqtisodiyotimiz o‘sish sur’atlari 2 barobar oshirilib, 160 milliard dollarga yetkazilishi, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 2 ming 200 dollardan 4 ming dollarga oshirilishiga erishish ko‘zda tutilgani qayd etildi.  

Partiya nomzodining ushbu saylovoldi dasturi o‘z mazmun-mohiyati bilan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasining mantiqiy va uzviy davomi ekaniga urg‘u berildi. Saylovoldi dasturining tub zamirida “Inson qadri uchun” tamoyili hamda “Avval inson, keyin jamiyat va davlat” degan xalqchil g‘oya yotgani aytib o‘tildi.  

Uchrashuvda so‘zga chiqqan “O‘zmetkombinat” AJ "Metallurg" shifoxonasi bosh shifokori Zarema Strigina, Bekobod shahar “Jomiy” mahalla fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi O‘g‘iljon Mirzamuratova, Bekobod shahar “Marifat” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Muhammadi Sanginov, Bekobod shahar “Tomiris school” xususiy maktabi o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Dilbar Sodiqovalar so‘nggi 6 yilda yurtimizda olib borilgan oqilona siyosat, bunyodkorliklar, yangilanishlar haqida o‘z munosabatini bildirdi.  

Tadbir yakunida ishonchli vakil Sayyora Fayziyeva yig‘ilganlarni mamlakat salohiyatini har tomonlama yuksaltirish tarafdori bo‘lgan Yangi muhtasham O‘zbekistonning jonkuyar bunyodkori Shavkat Mirziyoyevga ovoz berishga chorladi.  

A.Musayev, O‘zA.