French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyatida imkoniyati cheklangan insonlar murojaatlari o‘rganildi
16:50 / 2021-07-01

O‘rta Chirchiq tumanidagi “Humo” tantanalar saroyida Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov va O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati raisi Ergash Norpo‘latov ishtirokida hududdagi ko‘zi ojiz fuqarolar bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Ma’lumki, so‘nggi yillarda mamlakatimiz hududlarida imkoniyati cheklangan insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish va salomatligini tiklashga alohida e’tibor qaratilyapti. Shuni e’tiborga olgan holda, viloyatda ham bu toifadagi insonlarga ko‘mak berish bo‘yicha tizimli ishlar boshlandi. Jumladan, viloyat hokimligi tomonidan bu sa’y-harakatlar uchun 200 million so‘m miqdorida mablag‘ o‘tkazib berildi.  

Ayni paytda O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati viloyat bo‘limi tomonidan 1 ming 300 nafarga yaqin tuman-shaharlarda yashovchi ko‘zi ojizlar ro‘yxatga olingan. Ular orasida tajribali sportchilar, hunarmandlar, oilaviy tadbirkorlar ham bor.  

Uchrashuvda mazkur toifadagi insonlar bilan yaqindan suhbat qilinib, mavjud muammo va takliflari tinglandi. Xususan, 12 ta ishga joylashish, 8 ta sog‘liqni tiklash, 25 ta uy-joy olish, 12 ta uy-joyini ta’mirlash, 12 ta kredit olish va moddiy yordam kabi masalalar bo‘yicha murojaatlar o‘rganildi. Bu bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.  

Mamlakatimizda yagona bo‘lgan bu jamoat birlashmalari ko‘rishda nuqsoni bor insonlarga ijtimoiy yordam beradi. Ularning jamiyatdagi ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda keng ko‘lamli ishlarni olib bormoqda.  

– bugungi uchrashuvda hududlardan kelgan ko‘zi ojiz insonlar bildirgan muammolari belgilab olindi, – deydi O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati raisi Ergash Norpo‘latov. – Muhimi, bunday e’tibor tufayli ko‘plab insonlar hayotida yaxshi o‘zgarishlar bo‘ladi. Ularning faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy texnikalar bilan jihozlash va joy berish kabi masalalar ijobiy hal etiladi.  

Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari uchun bayram dasturxoni yozildi. Viloyat hokimligi tomonidan ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

 

A.Musayev, O‘zA