Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyatida ham saylovoldi targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda
21:00 / 2023-06-14

Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatovning Toshkent viloyatidagi ishonchli vakili Qizilgul Qosimova viloyat tumanlarida saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Birinchi uchrashuv Angren shahrida bo‘lib o‘tdi. Ishonchli vakil Qizilgul Qosimova yig‘ilganlarga Prezidentlikka nomzodning saylovoldi dasturida belgilangan yo‘nalishlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Jumladan, dasturdagi yoshlarning kasb-hunar tanlashi, bepul ta’lim olishi, o‘quv muassasalarini tugatgandan so‘ng ishga joylashish kafolatini mustahkamlash tashabbusi naqadar ahamiyatli ekani ta’kidlandi.

Ishonchli vakilning Bekobod shahar ko‘p tarmoqli poliklinikasida o‘tkazgan uchrashuvida nomzodning tibbiyot sohasiga oid tashabbuslari e’tirof etildi. Xususan, dasturdagi tibbiy sug‘urtani bosqichma-bosqich joriy qilish va tibbiy xizmatlarni raqamlashtirish, shifokorlar tomonidan dorilarni tayinlashda elektron retsept tizimiga o‘tishning afzalliklari alohida qayd etildi.

Qibray tumanidagi “Farhod Madad” MCHJda o‘tkazilgan uchrashuv ham saylovchilar faolligida o‘tdi. Ishonchli vakil saylovchilarga nomzodning saylovoldi dasturi haqida ma’lumot berarkan, iste’mol bozorini mamlakatimizda ishlab chiqarilgan kundalik zarur oziq-ovqat mahsulotlar va tovarlar bilan to‘ldirish tashabbusi haqida  tushuntirish berdi. Bu tashabbusning amalga tatbiq etilishi mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochishi qayd etildi.

Uchrashuvlarda saylovchilar tomonidan berilgan savollarga ishonchli vakil tomonidan batafsil javob berildi. Saylovchilar bo‘lajak saylovda faol ishtirok etib, Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatovga ovoz berishga chaqirildi.  

A.Musayev, O‘zA