Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyatida global investitsiya forumi o‘tkaziladi
11:22 / 2021-01-21

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Ispaniyaga tashrifi doirasida Butunjahon turizm tashkiloti Bosh kotibi Zurab Pololikashvili bilan shunga doir kelishuvga erishdi.

Aziz Abduhakimov Zurab Pololikashvili bilan uchrashuvi davomida uni O‘zbekistonning turizm sohasi rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirdi. bugungi kunda O‘zbekistonda turizm sohasi tubdan isloh qilinayotgani, bundan maqsad turizm sohasini milliy iqtisodiyotning strategik yo‘nalishiga aylantirish ekani ta’kidlandi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda ishlab chiqilgan “Uzbekistan: safe travel guaranteed” sanitar-gigiyenik protokoli hamda xorijiy fuqarolarning O‘zbekistonga kirish tartibi, Samarqanddagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti hamda sohaga ixtisoslashgan professional kollejlar faoliyatiga oid ma’lumotlar taqdim etildi.

Tomonlar ta’lim turizm sohasining bundan keyingi rivoji hamda sohani qayta tiklashdagi asosiy resurslardan biri bo‘lishini ta’kidlagan holda, O‘zbekistonning professional o‘quv muassasalari bitiruvchilari uchun sertifikatsiya toifalarini birgalikda ishlab chiqishga kelishib oldi. Bu turizm sohasidagi milliy kadrlarning professional standartlari va ko‘nikmalarini yanada yaxshilash, shuningdek, professional kadrlarning jahon xizmatlar bozoriga chiqishini ta’minlaydi. Turizm sohasiga investitsiya kiritish hamkorlikning yana bir yo‘nalishi sifatida ko‘rib chiqildi.

BTT Bosh kotibi Toshkent viloyatining sayyohlik salohiyati, xususan “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurorti faoliyati bilan tanishib chiqib, O‘zbekiston pandemiya davrida turizm sohasiga investitsiya kiritishda davom etayotgan kam sonli mamlakatlardan biri bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.

Uchrashuvda 2021 yilning iyun oyida (jahondagi sanitar-epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib) Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida tashkilot shafeligi ostida global investitsiya forumi o‘tkazilishiga doir kelishuvga erishildi.

Bosh kotib BTT Italiya bilan hamkorlikda Birinchi bolalar turizmi forumini tashkil qilishni rejalashtirayotganini ma’lum qilib, uning doirasida O‘zbekistonning yosh sayyohlarni tarbiyalashdagi tajribasi taqdimotini o‘tkazishni taklif qildi. Shu bilan birga, 2022 yilda ikkinchi shunday forumni O‘zbekistonda o‘tkazish imkoni ko‘rib chiqiladi.

Muzokaralar davomida ziyorat turizmini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Zurab Pololikashvili O‘zbekistonning bu yo‘nalishdagi boy merosini e’tirof etdi. U Butunjahon turizm tashkiloti har ikki yilda mazkur mavzuda tadqiqot tayyorlashini ta’kidlab, 2021 yilning navbatdagi tadqiqotlarida O‘zbekistonning tarixiy merosini o‘rganishni taklif qildi.