Xususan, hududda “Bir hudud – bir mahsulot” tamoyili asosida 20 sotixdan yerlarni yuridik shaxs sifatida qonun talablaridan kelib chiqqan holda ajratib berish rejalashtirilgan.
Tumanlarda “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turganlar va qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirish istagi bor oilalarga o‘rtacha 20-25 sotixdan yer ajratib berish orqali, viloyat bo‘yicha 270 ming nafar aholini bandligini ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.
Prezidentimiz raisligida 8 iyun kuni qishloq xo‘jaligi va tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash hamda oziq-ovqat mahsulotlari hajmini ko‘paytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham mazkur masalalar yuzasidan zarur topshiriqlar berilgan edi.

Hozir Toshkent viloyati hududlarida takroriy ekin ekiladigan 90 ming gektar maydonlarning 50 ming gektari ro‘yxat asosida aholiga ajratib berilgan. Shundan 40 ming gektarini aholiga biriktirish ishlari tumanlarda davom etmoqda. Ajratiladigan yer maydonlaridan samarali foydalanish, aholiga sabzavot va dukkakli ekinlar ekish, parvarishlash, yig‘ib olish uchun qulaylik yaratish maqsadida agroklasterlar, eksportyor korxonalar va “Tomorqa xizmati” MCHJlar biriktirilgan.
Jumladan, Bekobod tumanida faoliyat yuritayotgan “APK Bekobod” paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan aholiga ajratib berilayotgan 5 ming gektar maydonda o‘z hisobidan mosh ekib berilgan. Buning natijasida har bir fuqaroga 0,5 gektardan yer bo‘linib, jami 10 ming nafar aholi ish bilan ta’minlanadi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, klaster tomonidan mosh yetishtirish uchun o‘rtacha 1 gektarga 4,5-5 million so‘mdan jami 25 milliard so‘m mablag‘ talab etiladi. Shuningdek, ekish va qolgan barcha agrotexnik jarayonlarni klaster texnikalar bilan bajarsa, mavsumda qolgan ishlarni aholining o‘zi amalga oshiradi. Yakunda klaster shu mahsulotni aholining o‘zidan barcha xarajatlarni chiqarib tashlagan holda sotib oladi va moshni eksportga chiqaradi. Natijada aholi bir kilogramm moshni 7,5-8 ming so‘mdan sotsa, har gektar maydondan fuqaro 3 oyda o‘rtacha 2,5-3 million so‘m daromad oladi.

Bo‘ka tumani misolida tahlil qiladigan bo‘lsak, g‘alladan bo‘shagan maydonlarga “Agro invest TNA” eksportyor MCHJ korxonasi tomonidan 500 gektar qizil sabzi va 500 gektar lavlagi (qizilcha) ni aholiga o‘z hisobidan ekib berib, yil yakuni bilan yetishtirilgan mahsulotlarni aholining o‘zidan sotib olishi va uni qayta ishlab eksportga sotishni reja qilgan.
Yangiyo‘l tumanida faoliyat yuritayotgan “Nyu vey indastriz” MCHJ tomonidan g‘alladan bo‘shaydigan 4 ming gektar maydonga mosh ekishga tumandagi ishsiz aholini ishga jalb etib, yakunda sotilgan mahsulot daromadlarini shu fuqarolarga ajratib berishi bo‘yicha taklif kiritdi.
Umuman olganda, biriktirilgan tashkilotlar tomonidan fuqarolarga har tomonlama yordam berish belgilab olingan.
A.Musayev,O‘zA