Toshkent viloyatida ham g‘alla o‘rim-yig‘imiga uyushqoqlik bilan kirishildi.
Shu munosabat bilan Bekobod tumanida tashkil etilgan amaliy seminarda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, viloyat va tuman sektorlari rahbarlari, qishloq xo‘jaligi vakillari, klaster va fermer xo‘jaliklari xodimlari hamda joylarda tashkil etilgan otryad a’zolari qatnashdi.

Dastlab o‘tgan yilgi natijalar sarhisob qilindi. Mavjud muammolarni bartaraf qilish borasida so‘z yuritildi. Xususan, g‘alla rejasini bajarmagan ayrim fermer xo‘jaliklari bilan yer ijara shartnomasini bekor qilish lozimligi uqtirildi.
Bu yilgi hosil uchun esa jami 103 ming gektar maydonda g‘alla parvarishlangan bo‘lib, 1 million tonnaga yaqin hosilni o‘rib olish reja qilinyapti.

Mavsumga 301 ta o‘rish kombayni shay holatga keltirildi. 301 ta otryad shakllantirilib, 11 ta don qabul qilish shoxobchasida 24 soatlik ish rejimi tashkil qilindi. Texnikalarning ehtiyot qismlari, yoqilg‘i bilan bog‘liq masalalar ham atroflicha muhokama qilindi.
Texnikalar mavsum oldidan texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, yong‘inga qarshi vositalar bilan jihozlandi. Otryad a’zolarining favqulodda vaziyatlarda harakatlanish, xavfsizlik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari sinaldi.

O‘rta Chirchiq tumanida g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazishga puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Hududdagi 10 ming gektar maydonda parvarishlangan g‘alla hosilini yig‘ishtirib olish uchun 36 ta kombayn, 90 dan ziyod bug‘doy tashuvchi texnika shay holatga keltirilgan. Ayni paytda hududdagi 180 dan ortiq fermer xo‘jaligida 36 ming tonna g‘alla hosilini yig‘ib olish rejalashtirilmoqda.

– Mavsumda ish 30 ta otryadga bo‘lingan holda olib boriladi, – deydi O‘rta Chirchiq tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Behzod Yavgashev. – Texnikalar va ulardagi birlamchi yong‘in o‘chirish vositalarining sozligi, to‘liq ta’mirlangani tuman favqulodda vaziyatlar xizmati mutaxassislari tomonidan ko‘zdan kechirildi. Kombayn operatorlari bilan yo‘riqnoma o‘tkazilib, yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilish bo‘yicha tushunchalar berildi. O‘rim paytida mavsum qatnashchilariga qulaylik yaratish maqsadida shtab tashkil qilinib, ularga dala maydonida ovqatlanish uchun sharoit ham yaratilgan. Bundan tashqari, vaqtdan unumli foydalanish maqsadida dala maydonida nosoz holatga kelgan texnikalarga xizmat ko‘rsatuvchi ko‘chma ustaxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Kombayn operatorlarini rag‘batlantirish maqsadida tuman hokimligi tomonidan ularga oziq-ovqat mahsulotlari olib berildi.Fermer xo‘jaliklari esa ularning plastik kartalariga 3 million so‘mdan mablag‘ o‘tkazdi. Shu bilan birga, hosilni tashishga jalb qilingan yuk tashuvchi texnikalarning haydovchilariga muntazam ish haqi to‘lanishi rejalashtirilgan.
A.Musayev,
O‘zA muxbiri