Har yili ayni shu kunlarda mamlakatimizda rizq-ro‘zimiz g‘alla yig‘im-terim mavsumi boshlanadi. Oltinday tovlanadigan dalalarda ish qizg‘in tashkil etiladi. Dehqonning mavsum davomida qilgan mehnati ko‘rinadigan vaqt keldi.
Toshkent viloyati Bekobod tumanida bu sa’y-harakatlar boshqa hududlarga qaraganda ertaroq boshlanadi. Tabiiyki, qishloq xo‘jaligi ekinlari ham barvaqt yetiladi. Bugun erta tongdan g‘alla maydonlarda o‘rimga start berildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan amaliy seminarda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, viloyat va tuman sektor rahbarlari, qishloq xo‘jaligi vakillari, klaster va fermer xo‘jaliklari xodimlari hamda tumanda tashkil etilgan 41 ta otryad a’zolari qatnashdi.


Asosiy e’tibor mavsum oldidan uni yig‘ib olish va sotishda yangi tizim shaffofligi, to‘laqonli va adolatli ishlab ketishini hamda fermer xo‘jaliklari, g‘allachilik klasterlari manfaatdorligini ta’minlash, ichki bozorda un va don mahsulotlari narxining o‘sishi va taqchilligining oldini olish kabi masalalarga qaratildi.


Seminar davomida texnikalarning mavsum oldidan texnik ko‘rikdan o‘tkazilgani, yong‘inga qarshi vositalar bilan jihozlangani, otryad a’zolarining favqulodda vaziyatlarda harakatlanish, xavfsizlik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari ko‘rikdan o‘tkazildi. Yig‘im-terim oldidan tumandagi Buzruk bobo ziyoratgohida jonliq so‘yilib, ehson qilindi. Joylarda yetishtirilgan hosilni qisqa muddatda o‘rib-yig‘ib olish maqsadida viloyatda 260 ta otryad tashkil etilib, shuncha kombaynlar biriktirildi.
Bu yil 103 ming gektar maydondan 800 ming tonnaga yaqin sara don o‘rib olish mo‘ljallanmoqda. Hosilning o‘rtacha 30 sentneri, 308 ming tonnasi davlat ombori hamda birja savdolari orqali sotilsa, qolgan 492 ming tonnasi fermerlarning o‘zida qolishi rejalashtirilgan.
A.Musayev, O‘zA.