Nurafshon shahrida Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Agrar sohadagi muammolarga to‘xtalar ekan, nomzod Z.Mirzayev poliz, kartoshka, meva va uzum hosildorligi qolgan hududlardan 1,5-2 baravar pastligi, saqlash va qayta ishlash quvvatlari kamligi natijasida 35 foiz mahsulot yo‘qotilayotganini qayd etdi.
Prezidentimiz viloyatdagi dehqonchilik va chorvachilikka mas’ullar bor imkoniyatning 50 foizidan ham foydalanmayotgani, yer maydonlari katta bo‘lsa ham, meva-sabzavot eksporti ko‘paymayotgani, go‘sht yetishtirish poytaxt va viloyat ehtiyojlari uchun umuman yetarli emasligini ko‘rsatib o‘tdi.
Shu munosabat bilan:
– Ohangaron tumanining tog‘-oldi hududlarida kamida 50 ming gektar yerlarni o‘zlashtirish dasturini ishlab chiqish;
– 9 ming gektarni dehqon xo‘jaliklariga tarqatish;
– Toshkent, Parkent, Yangiyo‘l, Qibrayda logistika markazlarini ishga tushirib, ularga 50 million dollar yo‘naltirish;
– Toshkent, Parkent va Qibray tumanlarida yil yakuniga qadar 4 million dona meva va tok ko‘chatlari tayyorlaydigan pitomniklarni tashkil qilish topshirildi.
Umuman, aholi tomorqasidan yiliga 2-3 marta hosil olish yo‘lga qo‘yilmasa, qishloqlarda munosib hayot tashkil etish bo‘yicha qo‘yilgan maqsadga erishib bo‘lmasligi ta’kidlandi.
O‘zA