English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyatida bu yil suv tejovchi texnologiyalar keng joriy etiladi
16:22 / 2021-02-03

O‘rta Chirchiq tumanida yer maydonlarini sug‘orishda zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish masalalariga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi.

Unda Toshkent viloyat va tuman hokimliklari mas’ullari, hokimlari va tuman hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi mutaxassislari, suv tejovchi texnologiyalarning ehtiyot qismlarini ishlab chiqaruvchi, loyihalovchi va quruvchi xorijiy va mahalliy korxonalar mutaxassislari, agroklasterlar, fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.  

Tadbirda Prezidentimizning 2020 yil 11 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, unda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq vazifalar haqida ishtirokchilarga atroflicha ma’lumot berildi.  

Ta’kidlanganidek, sanoqli kunlardan keyin fermer va dehqonlar uchun qizg‘in palla boshlanadi. Shundan kelib chiqib, Toshkent viloyatida ham yerga ishlov berish, sug‘orishda tejamkorlikni yo‘lga qo‘yish, bunda yangi texnologiyalarni qo‘llashni yanada kengaytirish ko‘zda tutilmoqda.  

Xususan, Chirchiq – Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent viloyatida joriy yil 13 ming gektar yerni tomchilatib, 5 ming gektar yomg‘irlatib, 4 ming 400 gektar yerni esa egiluvchan quvurlar yordamida sug‘oriladi. Shuningdek, 16 ming gektar yerni lazerli uskunalarda tekislash rejalashtirilgan. Shundan kelib chiqqan holda mavsumni samarali tashkil etish borasida mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.  

Seminar davomida ishtirokchilar xorijiy va mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan suvni tejaydigan texnologiyalar bilan yaqindan tanishdi. O‘z navbatida mutaxassislar ishtirokchilarga yerlarni tomchilatib hamda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish tartibi, uning afzalliklari haqida zarur ma’lumotlarni berdi.  

 

A.Musayev,  O‘zA