Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyatida bo‘sh turgan ob’ektlarni ijaraga berish va sotish bo‘yicha qulaylik yaratilyapti
16:55 / 2021-02-03

Nurafshon shahrida Prezidentimizning 2020 yil 1 iyuldagi “Bo‘sh turgan davlat ob’ektlardan samarali foydalanishni tashkil etish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Bo‘sh turgan ob’ektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda mazkur sohada amalga oshirilayotgan ishlar xususida atroflicha ma’lumot berildi.  

Qayd etilganidek, mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha toifadagi bo‘sh turgan noturar bino va inshootlarni, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini aniqlash va hisobini yuritish bo‘yicha yagona tizimi yaratildi. Davlat tashkilotlariga operativ boshqaruv huquqi bilan berilgan davlat mulki ob’ektlarining ortiqcha qismi, shuningdek, foydalanilmayotgan yoki maqsadsiz foydalanilayotgan davlat mulki ob’ektlari Markaz tomonidan olib qo‘yiladi.

Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi xulosasiga asosan yaroqsiz deb topilgan davlat mulki ob’ektlarini buzish to‘g‘risida Markaz qaror qabul qiladi. Bo‘sh turgan xususiy mulk ob’ektlarini ularning mulkdorlari ixtiyoriga ko‘ra ijaraga berilishida Markaz har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatadi. Joriy yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, viloyat tuman (shahar)larida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida aniqlangan 2 ming 660 ta ob’ektdan 2 ming 537 tasidan samarali foydalanish choralari ko‘rildi. Jumladan, 2020 yilda 1 ming 745 ta bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlari 1 ming 613 nafar tadbirkorlik sub’ektlariga ijaraga berildi. Buning natijasida 1 ming 630 nafar yangi ish o‘rni yaratildi.  

Joylarda buzilishi belgilangan 18 ta yaroqsiz davlat mulki ob’ektlaridan Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan 7 ta ob’ekt yaroqliligi bo‘yicha xulosalar berilgan. Qolgan 11 ta ob’ektlardan bugungi kunga qadar 5 ta ob’ekt buzilib, 6 ta ob’ekt bo‘yicha hududiy boshqarmaning qarori qabul qilindi. Qarorlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha MIBning tegishli tuman (shahar) bo‘limlari bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda.

– Viloyatda 1 ming 627 ta ijtimoiy soha ob’ektlari xatlovdan o‘tkazilib, shundan 41 tasida 49,9 gektar ortiqcha yer maydonlari aniqlandi, – deydi boshqarma boshlig‘i Jamshid Tohirov. – Shuningdek, aniqlangan ijtimoiy sohaga tegishli bo‘sh turgan 49,9 gektar yer maydonlarini tuman hokimliklari zaxirasiga olish va tadbirkorlik sub’ektlariga sotish bo‘yicha viloyat hokimi qarori loyihasi ishlab chiqildi. Hududiy boshqarma balansiga olinishi belgilangan 48 ta bo‘sh turgan ob’ektlar birin-ketin nazoratga olinyapti. O‘z navbatida, davlat mulki ob’ektlaridan samarali foydalanish bo‘yicha “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqilgan.

Hududda o‘tgan yil 2 ming 524 ta xususiy mulk ob’ektlariga nisbatan 135,1 milliard so‘m oshirilgan soliq stavkalari qo‘llanilib, 25,9 milliard so‘m undirildi. Buning natijasida 704 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning faoliyati tiklanishiga erishildi.

Anjumanda mutaxassislar tomonidan joriy yilda hali xatlovga olinmagan ob’ektlardan samarali foydalanish borasida ko‘riladigan chora-tadbirlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Xususan, joylarda xatlov ishlari davom ettirilib, qo‘shimcha 3 mingdan ziyod noturar bino-inshootlar o‘rganiladi. Ularning holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar Davlat mulki axborot tizimiga yuklanadi. bugungi kunda viloyat hududida joylashgan 156 ta bo‘sh turgan bino-inshootni ijaraga berish va 71 tasi esa sotish uchun elektron onlayn auksion savdolariga qo‘yilgan. Talabgorlar mazkur auksion savdolarida ishtirok etib mulkdor bo‘lishi mumkin.

Tadbirda jurnalistlar tomonidan mavzu yuzasidan berilgan savollarga atroflicha javob berildi.  

 

A.Musayev, O‘zA