Navro‘z Umumxalq bayrami munosabati bilan yangi binolarni foydalanishga topshirish, shodiyona kunlar oldidan munosib tuhfalar hozirlash an’anaga kirgan.
Ohangaron shahrida ham mana shunday tuhfalar o‘z egalariga topshirilmoqda. Xususan, shahar maktabgacha ta’lim bo‘limi tasarrufidagi “No‘g‘oyqurg‘on” MFY hududidagi 13-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining ochilish marosimida mahalliy hokimlik vakillari, hudud faollari, soha xodimlari va nuroniylar qatnashdi.

Mazkur bog‘cha binosi 1976 yilda qurilgan bo‘lib, 70 o‘ringa mo‘ljallangan edi. Qurilish va ta’mirlash ishlaridan so‘ng 90 o‘ringa mo‘ljallanib, zamonaviy ko‘rinishda qurib bitkazildi. bugungi kunda ushbu MTT hududdagi barcha 3-7 yoshli bolalarni qamrab olish imkoniyatiga ega.

Shuningdek, “Namuna” MFY mahallasi bolajonlari uchun ham qulaylik yaratildi. Endi ular ham barcha sharoitlarga ega zamonaviy 16-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga bordi. Prezident rahbarligidagi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining videoselektor yig‘ilishlari bayoni asosida yangidan qurilgan bu bog‘cha 120 o‘ringa mo‘ljallangan. Bu yerda 4 ta guruh faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Qurilish ishlari uchun 7 milliard 335 million so‘m mablag‘ ajratilgan.

Ochilish marosimlarida sektor rahbarlari, faxriylar, mahalla faollari ishtirok etdi. Shundan so‘ng binolarda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, joriy yilning 1-chorak yakuni bo‘yicha Toshkent viloyatida jami 11 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bugungacha bog‘cha yoshida 213 ming 754 nafar 3-7 yoshli bolalar bor bo‘lib, sa’y-harakatlar tufayli 145 ming 587 nafar bola (68 foiz) MTTga qamrab olinishi ta’minlanadi.
A.Musayev,O‘zA.