Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya joriy yil 5-10 sentyabr kunlari Koreya davlatining Seul va Inchxon shaharlarida bo‘lib, yirik korxona rahbarlari bilan uchrashgan edi. Unda bir qator memorandumlar imzolandi.
Xususan, viloyat delegatsiyasi “HANSHIN Engineering & Construction” kompaniya vakillari bilan uchrashib, Nurafshon biznes-siti hududida ko‘p qavatli uylar, mehmonxona va tijorat binolari qurish hamda Toshkent viloyati hududida zamonaviy tipdagi “Aqlli tibbiyot shahar klasteri” loyihasi yuzasidan fikr almashgan. Shu munosabat bilan viloyatga kelgan koreyalik investorlar qurilish, logistika, turizm sohalari bo‘yicha o‘z hamkorlik loyihalarini taqdim etdi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, loyihalarni to‘laqonli va sifatli amalga oshirish maqsadida ishchi guruh tashkil qilish masalalari alohida ko‘rib chiqildi. Aslida mazkur yo‘nalishda joriy yil boshidan beri muhim loyihalar ishlanmoqda. Jumladan, talab ko‘p bo‘layotgan yo‘nalishlarni tumanlararo darajaga tushirib, xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish rejalashtirilgan. Birinchi galda Nurafshon shahrida 1 ming 200 o‘rinli, Yangiyo‘l shahrida 170 o‘rinli, Olmaliq shahrida 80 o‘rinli, Chirchiq shahrida 190 o‘rinli byudjet va byudjetdan tashqari o‘rinlardan iborat va jami 1 ming 640 o‘rinli majmua shakllantiriladi. Natijada barcha ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlarni o‘zida qamrab olgan, zamonaviy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tipidagi viloyat tibbiyot klasteri hamda tumanlararo kichik tibbiy klasterlar tashkil etiladi.
A.Musayev,
O‘zA