Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyatida 2 millionga yaqin aholi koronavirusga qarshi emlanishi rejalashtirilgan
20:01 / 2021-08-18

Nurafshon shahrida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Toshkent viloyati boshqarmasi va Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov hamda viloyatda faoliyat yuritayotgan soha mutasaddilari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar, aholi orasida koronavirus kasalligiga qarshi ommaviy emlash jarayonlari, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda salbiy muhokamalarga sabab bo‘layotgan joylardagi muammolar yuzasidan ma’lumot berilmoqda.

Xususan, koronavirus bilan kasallanish ko‘rsatkichi iyul oyida 12 ming 506 nafarni tashkil etib, 9-15 avgust kunlari 3 ming 169 nafar bemor qayd etilgan. Hozirgi kunda koronavirusga qarshi keng qamrovli emlash ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, viloyat SSB qoshida koronavirusga qarshi emlash tadbirlarini muvofiqlashtirib boruvchi shtab tashkil qilinib, unga malakali mutaxassislar jalb etildi.

bugungi kunda emlanadiganlar ro‘yxati, birinchi galda 65 yoshdan katta, xavf guruhiga kiruvchi, shuningdek, tibbiyot xodimlari, maktab o‘qituvchilari, maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilarining elektron ro‘yxati shakllantirildi va emlash ishlari kiritib borilmoqda. Shuningdek, 22 ta shahar va tumandagi vaksina saqlash omborxonalari, barcha emlash o‘tkaziladigan punktlardagi sovutkichlar taftishdan o‘tkazilib, koronavirus vaksinasini belgilangan tartibda “Sovuqlik zanjiri” asosida saqlanishi va ishlatilishi ustidan nazorat kuchaytirildi.

Viloyatda koronavirusga qarshi emlash ishlarini sifatli va belgilangan muddatlarda o‘tkazish uchun jami 295 ta emlash punkti, 317 ta emlash brigadasi, bunga qo‘shimcha 60 ta mobil emlash brigada shakllantirildi. Barcha mobil brigadalarga avtomashinalar biriktirildi. Joylardagi 1 ming 500 dan ziyod tibbiyot xodimi “Emlash xavfsizligi” bo‘yicha qayta o‘qitildi. Yil boshidan beri 18 yoshdan yuqori qatlamni karonavirusga qarshi emlash ishlari olib borilmoqda. Reja bo‘yicha 1 million 900 ming nafar aholi vaksina bilan emlanishi maqsad qilingan. Hozirgacha bu ishlar 40 foizga bajarildi.

Viloyat aholisini sifati kafolatlangan oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida amaldagi sanitariya me’yorlariga rioya qilinishi bo‘yicha ovqatlanish va oziq-ovqat ishlab chiqarish korxonalari ustidan belgilangan tartibda nazorat olib borilmoqda. 2021 yilning o‘tgan davrida 2909 ta oziq-ovqat mahsulotlari kimyoviy tahlildan o‘tkazilib, shundan 91 ta (3,1%) namuna talabga javob bermasligi aniqlandi. Bakteriologik tahlillar uchun 375 ta oziq-ovqat mahsulotlari tekshirilib, shundan 10 ta (2,6%) namuna ruxsat etilgan me’yordan oshganligi aniqlandi.

Xavfsizligi kafolatlanmagan noqonuniy savdo bilan shug‘ullangan fuqarolardan olib qo‘yilgan 3192 kilogramm oziq-ovqat mahsulotlari belgilangan tartibda yo‘q qilindi.

Joriy yilda viloyat, shahar va tuman SEO va JSB mutaxasislari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida davomida turli ko‘rinishdagi ovqatdan zaharlanishlar va yuqumli kasalliklarni oldini olish borasida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlari olib borildi.

– Umuman olganda, aholining uy sharoitida mahsulotlarni kanservalash mumkin emas, – deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari N.Otabekov. – Sababi ayrim e’tiborsizlik tufayli konserva mahsulotlaridan zaharlanish holatlari uchraydi. Bu borada har bir aniqlangan holatlar yuzasidan tekshirishlar o‘tkazilib, tegishli choralar ko‘rilyapti. Chinoz tumanida sodir bo‘lgan, aslida poytaxt shahridagi bayram tadbirida qatnashgan 3 nafar shaxs vafot etgan. Sababi ular kasallanganidan so‘ng 3-4 kun o‘tib, shifoxonaga murojaat qilgani sababli ko‘rsatilgan tibbiy yordam samara bermagan. Shuningdek, Olmaliq shahar va Oqqo‘rg‘on tumanlarida ham shu kabi holatlar sodir bo‘ldi. Biz bu kabi guruhli kasallanishlarni ertaroq aniqlasak, bemorlarga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatamiz.

Tadbirda jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga mutaxassis atroflicha javob berdi.

A.Musayev, O‘zA