Fuqarolarning byudjet jarayonidagi ishtirokini ta’minlash tashabbusi, ya’ni ularning “Tashabbusli byudjet” loyihalarida faolligini oshirish, mablag‘larning maqsadli sarflanishini o‘rganish maqsadida Toshkent viloyatidagi mahalla raislari, hokim yordamchilari hamda yoshlar yetakchilari ishtirokida seminar-treninglar tashkil etilmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, joriy yil 2 mavsumda Toshkent viloyatida fuqarolar tomonidan jamoat manfaatlariga xizmat qiluvchi 2 mingga yaqin loyiha ovoz berish jarayonlarida ishtirok etdi. Shundan eng ko‘p ovoz to‘plagan 131 ta loyiha g‘olib bo‘lgan. Unda fuqarolar tomonidan infratuzilmani yaxshilash, xiyobonlar, bolalar va sport maydonchalari, ichki yo‘llarni qurish, maktablarni ta’mirlash, jihozlash hamda boshqa masalalar bo‘yicha loyihalar taklif etildi.
Jumladan, joylardagi 117 ta mahalladagi 87,5 milliard so‘mlik 131 ta loyiha uchun bugungi kungacha 87,5 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. E’tiborlisi, har biri 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib bo‘lmagan 32 ta loyiha uchun qo‘shimcha 29,9 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. 2023 yil 1-yanvardan esa “Tashabbusli byudjet” loyihalari uchun mablag‘lar 2 baravarga oshiriladi. Aholining 70 foizidan ortig‘i ovoz berishda qatnashgan mahallalarga, loyihasi g‘olib bo‘lish yoki bo‘lmasligidan qat’iy nazar, ularga mablag‘ ajratish tartibi joriy qilinadi.
Ayniqsa, “Tashabbusli byudjet” doirasida Toshkent viloyati bo‘yicha tibbiyot muassasalarini tibbiyot uskunalari bilan jihozlash yuzasidan kelib tushgan 190 ta loyihaga, kelgusi yilda byudjetdan alohida mablag‘ ajratiladi. Shuningdek, 2023 yildan viloyat byudjeti qo‘shimcha mablag‘larining 30 foizi “Tashabbusli byudjet” loyihalariga beriladi.
A.Musayev, O‘zA.