English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyatida 1 ming 87 ta yer uchastkasi E-AUKSION orqali sotilgan
16:12 / 2021-10-30

Nurafshon shahrida Toshkent viloyatida amalga oshirilgan xatlov ishlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi Toshkent viloyati boshqarmalari tomonidan tashkil etilgan tadbirda Prezidentimizning 2021 yil 8 iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati va ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlari haqida ma’lumot berildi.

Kadastr agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Rustam Payziyevning qayd etishicha, yer ajratishda huquq turlari 6 tadan 3 taga qisqartirilib, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqlari bekor qilingan. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer munosabatlariga oid bir qator vakolatlari bekor qilinib, tegishli tartib joriy etildi. Jumladan, davlat organlari, muassasalari, korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun viloyat hokimining qarori bilan doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi.

Joriy yilning bugungi kun holatiga viloyat hududida jami 600,4 gektar yer maydonini o‘z ichiga olgan 9 ming 142 ta bo‘sh yer uchastkalari aniqlangan. Shundan 576,8 gektar ya’ni 8 ming 456 ta yer uchastkasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar “YERELEKTRON” AAT (avtomatlashgan axborot tizimi) ga kiritilib, 2 ming 51 tasi E-AUKSION savdosiga qo‘yilishi ta’minlangan. Hozirgi kungacha mazkur portal orqali 1 ming 87 ta yer uchastkasi sotilgan. Ayni paytda savdoda turgan 550 ta yer uchastkalari o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan talabgorlarni kutmoqda.

Tadbirda Toshkent viloyatida ko‘chmas mulk ob’ektlarni xatlovdan o‘tkazish ishlari yakuni haqida ham aytib o‘tildi. Jumladan, xatlovga qadar hududda qishloq xo‘jaligi va aholi yashash punktlarining jami 503 ming 887 gektar yer maydonlaridan 334 ming 568 gektari  davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lib, qolgan 169 ming 319 (34%) gektar yer maydoni davlat ro‘yxatidan o‘tmagan. Shundan 320 ming 236 gektar qishloq xo‘jaligi ekin yerlarini tashkil etgan. Bundan tashqari, yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan 137 ming 976 gektar yerda 778 ming 559  ta ko‘chmas mulklar ob’ektlari mavjud. Ushbu ob’ektlarning umumiy kadastr qiymati 57 trillion so‘mni tashkil etgan.

Bino inshootlar bo‘yicha 800 ming 549 ta ko‘chmas mulk ob’ektlari xatlovdan o‘tkazilib, qo‘shimcha tarzda 22 ming 382 ta 3 ming 316 gektar yer maydonda joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektlari aniqlandi. Ayniqsa, ko‘p qavatli uylardagi xonadonlardan tashqari, 764 ming 872 ta yakka tartibdagi uy-joylar, noturar joylar va ko‘p qavatli uylar hamda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ArcGIS dasturida geoaxborot bazasi shakllantirildi.

Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga soha mutasaddilari batafsil  javob berdi.

 

A.Musayev,O‘zA