O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha joriy yil 30 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasining referendumi o‘tkaziladi.
“Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki! Konstitutsiya o‘zimizniki” shiori ostida Chirchiq shahrida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirida qatnashgan Toshkent viloyati faollari, yoshlar ham bu siyosiy jarayonga befarq emasligini namoyish qildi. Unda 2 mingga yaqin talaba yoshlarga yangi o‘zgartishlar kiritilayotgan Bosh qomusimizning jamiyatimiz hayotiga oid bir qator muhim jihatlari xususida ma’lumot berildi.


Ma’lumki, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha umumxalq muhokamalarida jami 222 715 ta takliflar kelib tushgan. Ular asosida loyiha takomillashtirilib, maromiga yetkazilgan. Takliflarning har to‘rttasidan bittasi loyihadan joy olgan. Xususan, qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun adolatli haq olish, dam olish, davlat hisobidan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini olish, shaharsozlik, byudjet sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish kabi huquqlarning kiritilishi fuqarolarning iqtisodiy va ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytiradi. “Inson qadri uchun” tamoyili Konstitutsiyada, qonunlarimizda va davlat idoralari faoliyatida bosh mezon bo‘lishi shart. Shu bois, Konstitutsiya loyihasida insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir hamda hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi belgilanmoqda.

– Yangilanayotgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasida yoshlar masalasi alohida bob darajasiga olib chiqilishi yurtimizda yoshlar siyosati alohida ustuvor ekanidan dalolatdir, – deydi Chirchiq davlat pedagogika universiteti talabasi Javlonbek Abdusamadov. – Shu bilan birga, ta’lim olish huquqi va imkoniyati kengaytiriladi, o‘qituvchilar esa konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘ladi. Aynan shu jihatlari ham o‘zim o‘qiydigan pedagogika sohasida yosh kadrlarga keng imkoniyatlar yaratadi. Biz kelgusida bu imkoniyatlardan samarali foydalanishimiz kerak. Buning uchun esa men barcha tengdoshlarimni o‘tkaziladigan referendumda faol ishtirok etishga chorlayman.

Ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi olti yilda yurtimizda oliygohlar soni 77 tadan 210 taga, ularga qabul esa 5 baravarga ortib, talabalar soni 1 millionga, oliy ta’lim qamrovi – 9 foizdan 38 foizga oshdi. Toshkent viloyatida ham oxirgi yillar bu borada samarali ishlar qilindi. Chirchiq, Olmaliq va Angren shaharlarida oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallari ishga tushirildi. Ularda pedagogika, kon-metallurgiya, IT texnologiyalari va dasturlash kabi mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarda yosh kadrlar tayyorlanmoqda. Bundan tashqari, hududlarda Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar ham joriy o‘quv yilidan ishga tushirilgani tufayli ko‘plab iqtidorli yoshlarni saralash va ularga sifatli ta’lim berilishiga zamin yaratdi.
Targ‘ibot tadbirida so‘zga chiqqanlar barchani Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha o‘tkaziladigan referendumda faol bo‘lishga chaqirdi. Estrada xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
A.Musayev, O‘zA