Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati: yoshlar va sportni rivojlantirish masalalari nazoratda
13:37 / 2023-01-27

Yoshlar siyosati va sport vazirligining mas’ul mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi tomonidan Toshkent viloyatidagi tuman-shaharlarda o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Shu munosabat bilan viloyat hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari Dilnozaxon Kattaxonova hamda Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Otabek Sultonbekov, Respublika oliy sport mahorati yoshlar maktabi direktori Muzaffarxo‘ja Rahmatxo‘jayev tomonidan hududlardagi yoshlarni qiynayotgan masalalarni chuqur o‘rganishga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.

Prezidentimizning joriy yil 25 yanvardagi "Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida" gi farmoni ijrosi o‘rganildi. Muloqotda asosiy e’tibor shtat birliklari qisqarishi natijasida ishdan bo‘shatilayotgan xodimlarni munosib ish o‘rinlariga joylashtirish hamda vakant o‘rinlarni tuman-shaharlar kesimida tahlil qilishga qaratildi. Shuningdek, joylarda yoshlar siyosatini amalga oshirish, sportni rivojlantirish sohasidagi muammolarni o‘rganish orqali sohani rivojlantirishga doir takliflarni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.  

Suhbat davomida joylarga ishchi guruhi a’zolari biriktirilib, ularga amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, vazirlik vakillari Nurafshon shahridagi Yoshlar markazi faoliyati bilan tanishdi. Hozir bu yerda shaxmat klubi yangidan ish boshlagan. Bundan tashqari, kompyuter, robototexnika, mental arifmetika to‘garaklariga bolalar jalb etilgan. Ayniqsa, hudud yoshlarini muntazam yorituvchi "Yoshlar kundaligi" media loyihasi barchada katta taassurot qoldirdi. Bu yerda ishlayotgan ijodiy xodimlarning asosiy qismi hududda yashovchi yigit-qizlardir. Loyiha doirasida tashkil etilgan “Yoshlar kundaligi” gazetasi 1 yildan buyon viloyat bo‘yicha tarqatiladi. Vazirlik vakillari ish jarayoni bilan tanishib, loyiha bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirdi.  

Joylarda o‘rganishlar davom etmoqda.  

 

A.Musayev,  

O‘zA.