Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati yer osti sirlari izidan
15:18 / 2025-09-29

Milliy arxeologiya markazi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Behzod Isabekov so‘nggi yillarda Toshkent viloyatida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar haqida to‘xtalib, hali to‘la o‘rganilmagan yodgorliklar, qadimiy shaharlar va metallurgiya markazlari haqida qiziqarli ma’lumotlar berdi.

— Keyingi yillarda Toshkent viloyati yer osti qazilmasidan qanday noyob topilmalar topildi?

— So‘nggi yillarda ustozimiz, akademik Ahmadali Asqarov bilan Norin tumani, Toshkent viloyatining Ohangaron, Olmaliq, Piskent tumanlarida, shuningdek, Angren shahri atroflarida arxeologik qazishma ishlarini olib boryapmiz. So‘nggi tadqiqotlardan biri Ohangaron vodiysidagi Suyurlitepa va Tunkat yodgorliklarida olib borildi. Hozirgi kunda qadimgi Iloq davlatining poytaxt shahri sifatida e’tirof etilayotgan yangi yodgorlikda qazishma ishlarini olib boryapmiz. Bu yodgorlik Suyurlitepa yodgorligi hisoblanadi. Ohangaron vodiysidagi Suyurlitepa yodgorligida otashparastlik ibodatxonasi va ko‘handiz o‘rganildi, topilgan arxeologik materiallar tahlil qilindi. Shuningdek, Ohangaron vodiysining ilk, o‘rta va rivojlangan asrlar davri siyosiy-mafkuraviy poytaxti masalasida yangi xulosalar ilgari surildi.

Ko‘plab yozma manbalarda Iloqning markaziy shahri aynan Tunkat shahri deb ta’kidlangan. Tunkat shahrini Iloqning poytaxt shahri emas, balki metallurgiya ishlab chiqarish, hunarmandchilik xo‘jaliklari bilan bog‘liq markaziy sanoat shahri degan g‘oyani ilgari surmoqdamiz.

Shu maqsadda 2012 yildan bugungi kunga qadar doimiy ekspeditsiyalar,  qazishma ishlari olib borilyapti.

— Iloq biror davlat nomimi? Bu haqda batafsilroq tushuntirib bering.

— Iloq vohasi tarixiy viloyat va davlat sifatida antik, ilk va o‘rta asrlarda Toshkent vohasida faoliyat yuritgan. Iloq davlati ba’zida mustaqil bo‘lgan bo‘lsa, ba’zan Chochning tarkibiy qismi sifatida faoliyat yuritgan. Yana bitta narsani aytishim mumkinki, o‘sha davrlarda Iloq davlatida hunarmandchilik, tog‘-kon metallurgiya sohasi juda ham yuksak taraqqiy etgan hududlardan hisoblangan. 

O‘rta asr manbalarida aytiladiki, Movarounnahrda uchta hududda tanga zarb etilgan: Samarqand, Buxoro hamda Iloq hududlarida. Demak, bundan ko‘rinib turibdiki, o‘sha davrda ham iqtisodiy jihatdan, qolaversa o‘zining strategik jihatidan ham Iloq markaziy shaharlardan biri hisoblangan. Shuning uchun u ba’zida davlat sifatida, ba’zan kimgadir tobe bo‘lgan. 

Ko‘plab arab manbalarida 15 dan ortiq shaharlari bo‘lgan, ba’zan esa undan ham ko‘p deb aytilgan. Shuning uchun Iloq bilan ko‘pincha tarixda Choch (Toshkent) ikkalasi yonma-yon turadi. Ba’zan ikkalasi birlashib ketgan, ba’zida mustaqil faoliyat yuritgan. Tarixiy manbalarda Iloqning poytaxt shahri sifatida Tunkat keltirilgan.

— Tunkat hozirgi kunda qaysi hududda joylashgan?

— Tunkat hozirgi kunda Ohangaron tumani “Yangiobod” MFY Obiz qishlog‘i hududida joylashgan qadimiy yodgorlik sanaladi. Tunkat arxeologik jihatdan yuzlab tepaliklardan iborat. Ya’ni, Tunkat shahri o‘sha paytda Iloqning markaziy metall eritish shahri hisoblangan. Hozirgi kunda ham atrofiga qarasangiz yuzlab tepaliklarda xuddi tog‘-uyumlari kabi minglab tonna eritilgan shlak (toshqol) qoldiqlari yotibti.

 2012-2025 yillarda uchta tepalikni ochib o‘rgangandik, u yerlardan metall pechlar qoldiqlari, metall quvur bo‘laklari topildi. Tunkat shahri Iloq davlatining nafaqat somoniylar va qoraxoniylar davrida, hatto ilk o‘rta asrlarda ham poytaxt shahri bo‘lmagan. Tunkat shahri Iloqning markaziy metall eritish shahri hisoblangan. Suyurlitepa esa aynan Iloqning poytaxt shahri hisoblangan, degan qarashlarni ilgari suryapmiz. 

Suyurlitepa Ohangaron tumanining Qorabuloq qishlog‘i janubiy chegarasida, Olmaliq-Angren yo‘lining o‘ng tomonida, Ohangaron daryosining ikkinchi terrasasi ustida joylashgan. Suyurlitepa qadimgi shahrining topografik planiga e’tibor qaratsangiz, bu yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Suyurlitepa o‘z davrida Imloq, deb atalib, mamlakat nomi qadimgi sharqqa xos an’analarga ko‘ra shahar nomi bilan atalgan bo‘lishi mumkin. Tunkat va Iloq (Imloq) atamalari bilan bog‘liq lokalizatsiya masalasi Tunkat va Suyurlitepa yodgorliklarida qo‘shimcha arxeologik tadqiqotlar olib borishni va ularning ilmiy yechimida yozma manbalar ma’lumotlarini jalb etishni talab etadi.

Albatta, yangidan-yangi zamonaviy izlanishlar, qazishmalar, manbalarni o‘rganish orqali keyinchalik bir to‘xtamga kelishimiz mumkin. Shunga qaramasdan mana shu Suyurlitepada ustozimiz bilan birgalikda ko‘plab shahriston, ibodatxona, qolaversa qabr qo‘rg‘onlarini hozirgi kungacha o‘rganib kelyapmiz. 

Angren, Ohangaron hududlaridan “Qovunchi madaniyati”ga oid ko‘plab “katakomba” (yer ostida maxsus qazib yasalgan qabr inshooti) tipidagi qabrlar ochib o‘rganildi. Aynan mana shu “Qovunchi madaniyati”ga oid qabr qo‘rg‘onlari nafaqat Toshkent viloyati, balki respublikamizning ko‘plab joylaridan topib o‘rganilib, ilm-fanga ma’lum bir ma’noda katta yangiliklarni olib kirdi, deb ayta olamiz.

— Nega “Qovunchi” so‘zi ishlatilayapti bu hududlarga nisbatan?

— “Qovunchi madaniyati” miloddan avvalgi 2 asr milodiy 6 asrga oid arxeologik madaniyat. O‘rganilgan joy Qovunchitepa xarobasi bo‘lgani uchun  shu nom bilan atalgan. Bu madaniyat eng ko‘p Toshkent vohasi, Sirdaryo o‘rta oqimi va Farg‘ona shimoli-g‘arbiy qismida tarqalgan. Yangiyo‘l tumanida arxeolog G.V.Grigorev tomonidan 1934-37 yillarda ochilgan. “Qovunchi madaniyati” o‘zining dafn marosimlari, udumlari va topilmalarning farqli jihatlaridan kelib chiqib, ilm-fanga “Qovunchi madaniyati” nomi bilan kirgan.

“Qovunchi madaniyati”ning muhim xususiyatlaridan biri — sopol idish qopqoqlari, qo‘ralar, diniy marosim buyumlari ikki boshli qo‘chqor yoki shoxli ho‘kiz boshli tagdonlar bilan alohida ajralib turadi. Deyarli barcha sopollar qo‘lda, qo‘pol uslubda yasalgan, tashqi qismiga esa angob berilgan. Bu jihatlar uni boshqa madaniyatlardan farq qildirgan. Keyinchalik arxeolog G.V.Grigorev ushbu madaniyatni ilm-fanga kiritdi. Bugungi kunda arxeologlar tomonidan O‘zbekistonning turli hududlarida “Qovunchi madaniyati”ga oid qabr-qo‘rg‘onlar topilib, o‘rganilmoqda.

Toshkent vohasi qulay geografik hududda joylashgan bo‘lib, qadim va uzoq tarixga ega. Shu tufayli bu hududlarda aholi doimiy yashab kelgan va turli madaniy hamda arxeologik yodgorliklar shakllangan. Viloyatda 820 dan ortiq madaniy meros yodgorligi mavjud. Ulardan qariyb 400 tasi arxeologik yodgorliklardir. Bu yodgorliklarni o‘rganish uchun vaqt va pul kerak. Shu bilan birga, ochilgan, o‘rganilgan yodgorliklarni ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirish uni kelgusi avlodlarga yetkazish barchamiz uchun eng asosiy masala sanaladi.

O‘zA muxbiri 

Nigora Rahmonova 

suhbatlashdi