Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati yangi sanoat loyihalariga katta manzil bo‘ladi
00:25 / 2023-08-03

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 avgust kuni Toshkent viloyatiga tashrif buyurib, yirik sanoat majmualari va sport ob’ektlari bilan tanishdi, yangi korxonalarni ishga tushirish marosimida ishtirok etdi.

Tashrif “Angren” erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalar faoliyati bilan tanishishdan boshlandi.

2012 yilda tashkil etilgan mazkur iqtisodiy zona so‘nggi yillarda ham hudud, ham salohiyat jihatidan kengaydi. U Angren shahri, Ohangaron shahri va tumani, Bekobod shahrining bir qismini qamrab olgan. Bugun ushbu zonada 76 ta korxona, ularda 11 mingdan ziyod aholi ishlamoqda.

Ulardan biri – “Premier elektrotech” mas’uliyati cheklangan jamiyatining 23 million dollarlik loyihasi. O‘tgan yili dekabrda ishga tushgan bu korxona yiliga 100 ming dona kir yuvish mashinasi va 200 ming dona sovutgich ishlab chiqarish hamda 1 million dollarlik eksport quvvatiga ega. 350 kishi ish bilan ta’minlangan.

Bu loyihaning birinchi bosqichi bo‘lib, uni kengaytirish uchun qurilish olib borilmoqda. Ikkinchi bosqich shu yil dekabrda foydalanishga topshiriladi va ish o‘rinlari 450 taga yetadi.

Jamiyat tomonidan, shuningdek, televizor, konditsioner kabi boshqa maishiy texnikalar ham ishlab chiqariladi. Raqobatbardosh bu mahsulotlar MDH mamlakatlariga eksport qilinmoqda.

Davlatimiz rahbari Ohangaronda tayyor sanoat infratuzilmasi borligi, bu xorijiy investitsiyalar jalb etish uchun katta imkoniyat ekanini ta’kidladi. Shu kabi korxonalarni kengaytirish maqsadida elektrotexnika sanoati zonasini tashkil etish taklifi bildirildi.

Ohangaron metall quvurlar zavodining joyi besh yil oldin unumsiz dala edi. 2018 yildan boshlab sanoat majmuasi barpo etildi. 49 million dollarlik bu loyiha uchun uskunalar Turkiyadan olib kelindi. Yillik 205 ming tonna metall mahsulotlar tayyorlash quvvati yaratilib, 250 ta ish o‘rni barpo etilgan. Joriy yilning 6 oyida qariyb 4 million dollarlik mahsulot eksport qilingan.

“Silk plast quality” korxonasida yiliga 13 ming tonna polimer quvurlar va fiting mahsulotlari tayyorlanadi. 78 kishining bandligi ta’minlangan.

Davlatimiz rahbari shu yerda “Angren” erkin iqtisodiy zonasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdi. Yangi loyihalarni shakllantirish, aholi bandligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

“Angren” erkin iqtisodiy zonasida yana 42 ta loyiha bo‘yicha ishlar boshlangan. Ularda 5 mingdan ziyod ish o‘rni ochiladi.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbari Yuqori Chirchiq tumanida barpo etilyotgan Futbol bo‘yicha milliy terma jamoalar markazini borib ko‘rdi.

Bu markaz Xalqaro futbol federatsiyalari assotsiatsiyasi (FIFA) bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Hozirda 8 ming o‘rinli stadion qurilgan. Yana 7 ta mashg‘ulot maydoni, plyaj futboli maydoni, futzal maneji, basseyn, reabilitatsiya majmuasi va yotoqxonalar qurilishi rejalashtirilgan.

Soha mutasaddilari bilan suhbatda milliy futbolimizga xorijdan malakali texnik direktor olib kelish, futbol tuzilmasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo, Jizzax, Namangan va Toshkentda mintaqaviy bazalar tashkil qilish, murabbiylar maktabini takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Prezident yoshlar orasida futbolni yanada ommalashtirish, ularga sharoit yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

– O‘zbekistonda futbol eng sevimli sport turi. Har o‘nta odamdan to‘qqiztasi uning muxlisi, desa bo‘ladi. Bu ommaviylikdan foydalanib, futbolni tubdan rivojlantirish kerak. Masalan, yurtimizda 10 mingta maktab bor, 208 ta tuman-shahar bor. Xo‘sh, maktab, mahalla, jamoalarda futbol qanday bo‘ladi? Ikkinchidan, futbolga mehr qo‘ygan bolalar o‘z yo‘lini topishi uchun nima qilishimiz kerak? Uchinchidan, yoshlar futboldan ketgandan keyin nima bilan shug‘ullanadi, ularga qo‘shimcha kasb-hunar berishni ham o‘ylash zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari yosh futbolchilar bilan ham suhbatlashdi.

– Xalqimizning sportga mehri kuchli. Ayniqsa, futbol «oilaviy do‘stimiz». Milliy terma jamoamiz o‘yinlarini hammamiz g‘urur, faxr, hayajon bilan kuzatamiz. Sizlar oilada ota-onangizning farzandi bo‘lganingiz bilan maydonda xalqimizning farzandisizlar. Ana shuni doim yodda tuting, – dedi Prezident.

Futbolchilarda Vatan tuyg‘usini shakllantirish muhimligi ham ta’kidlandi.

– Futbolchilar dunyo kezadi, chet el jamoalarida o‘ynaydi. Ular O‘zbekiston tarixini, sharoitlarini yaxshi bilishi kerak. Ular bizning elchilarimiz, bolalarga namuna, – deya ta’kidladi davlat rahbari.

Futbol tibbiyoti va reabilitatsiyasini jahon yutuqlari asosida rivojlantirish masalalari ham ko‘rsatib o‘tildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Chirchiq qishloq mashinasozligi klasteriga tashrif buyurib, u yerda ishlab chiqarilgan birinchi mahalliy mahsulot – universal traktor bilan ham tanishdi.

Bu klaster O‘zbekiston Prezidentining 2021 yil 11 noyabrdagi qaroriga asosan tashkil qilingan edi. Mashinasozlikdagi 5 ta korxona quvvatlari maqbullashtirilib, Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi negizida to‘liq siklli klaster tizimi yo‘lga qo‘yildi. Buning uchun qariyb 38 ming kvadrat metr yangi inshootlar qurilib, 35 ming kvadrat metrdan ziyod mavjud binolar ta’mirlandi.

Klaster yiliga 15 ming dona traktor, tirkama va boshqa texnikalar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mingta ish o‘rni yaratilgan. Yana bir muhim tomoni, tarmoq korxonalari orasida kooperatsiya kengayishi, xarajatlar va mahsulot tannarxi qisqarishiga erishilgan.

Yaqinda klasterda birinchi mahalliy mahsulot – universal traktor ishlab chiqarildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev uning ilk namunalarini ko‘zdan kechirdi.

Shuningdek, kombayn ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu ishlarni davom ettirib, import mahsulotlarni mahalliylashtirish, bu jarayonga xususiy sektorni jalb etish muhimligi ta’kidlandi.

– Qishloq xo‘jaligimizda texnikaga talab katta. Bizga arzon, muqobil, tejamkor texnika kerak. Buning uchun mahalliylashtirish va tannarx bo‘yicha ishlash zarur. Dehqonlarga arzon texnika yetkazib bermasak, manfaatdorlik bo‘lmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari texnikalarga xizmat ko‘rsatishning ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.

– Bu klaster faqat sotuvchi emas, xizmat ko‘rsatuvchi ham bo‘lishi kerak, – deya ta’kidlandi.

Toshkent viloyati misolida servis maskanlari tashkil etish, yoshlarni bepul o‘qitib, sifatli xizmatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi.

Klasterda ilm-fan va ishlab chiqarishni uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, shu maqsadda zamonaviy ilm markazi ishga tushirildi. Bu yerda Germaniya va Shvetsiya kompaniyalarining ta’lim markazlari bilan hamkorlikda uzluksiz dual ta’lim shaklidagi o‘quv jarayonlari yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga, oliy ta’lim muassasalari talabalari nazariy bilimlarini klasterda amaliyot bilan mustahkamlab boradi.

Prezidentimiz mahsulotlar namunalarini ko‘zdan kechirdi, mutaxassislar bilan suhbatlashdi.

– Hozir joylarda, klasterlarda paxtani mashinada terish 50 foizga yaqinlashmoqda. Bu yil 6 oyda meva-sabzavotning o‘zidan 550 milliondan ko‘p eksport qildik, yaqin kelajakda 2-3 milliardga yetkazmoqchimiz. Qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlarida yana loyihalar ko‘p. Ularda mahsuldorlikni oshirish, odamlar mehnatini yengillashtirish uchun sifatli, xamyonbop texnikalar zarur, – dedi Prezident. 

Klaster faoliyatida muqobil elektr energiyasi manbalaridan foydalanishga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, 20 ming kvadrat metr maydonda quyosh batareyalari o‘rnatildi. Bu klasterning elektr energiyasiga talabining 30 foizigacha ta’minlashi mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga tashrifi chog‘ida “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkida bo‘ldi.

Tatariston Respublikasi bilan hamkorlikdagi mazkur texnopark o‘tgan yil 23 mart kuni ochilgan edi. Bugungi kunda 10 million dollarlikdan ziyod 5 ta korxona ishga tushirilgan. Joriy yil yakuniga qadar qiymati 18 million dollar bo‘lgan yana 8 ta loyiha amalga oshiriladi.

Xususan, “Rodium Polimer” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ko‘piklantirilgan polipropilen mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Koreyalik ishbilarmonlar bilan birgalikda amalga oshirilgan bu korxonada yiliga 2 ming tonna mahsulot ishlab chiqarilib, 2 million dollarlik eksport qilinadi.

Shu yerda Toshkent viloyatidagi yangi sanoat, xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy soha majmualarini ishga tushirish marosimi bo‘ldi. Bular – Ohangaron tumanidagi “Tashkent Konch sement”, Quyi Chirchiq tumanidagi “Tashkent kotton tekstil”, Yuqori Chirchiq tumanidagi “Aziya Tashkent Tekstil”, “Salyubris Vita”, Angren shahridagi “Angren kaolin”, “Sentral Aziya Kemikals”, Nurafshon shahridagi “Agro Nyu Drip”, Chirchiq shahridagi “Sharq Tyubs”, Parkent tumanidagi “Samsarak fayz” va “Shabnam Elegant”lardir. Bu korxalarda sement, ip-kalava, to‘qimachilik, farmatsevtika, boyitilgan kaolin, kimyo mahsulotlari, tomchilatib sug‘orish shlanglari, rangli metallar ishlab chiqariladi. Umuman, mazkur korxonalarda 3 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi.

Davlat rahbari ramziy tugmani bosib, yangi korxonalarni ishga tushirdi.

Shundan so‘ng, Prezident raisligida kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash hamda mahalliy byudjet daromadlarini ko‘paytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi  bo‘lib o‘tdi. Videoaloqa orqali uni Qoraqalpog‘iston Respublikasi rahbariyati, barcha viloyat va tumanlar hokimlari ham kuzatib bordi.

O‘tgan yilda Toshkent viloyatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirish hajmi 135 foizga o‘sib, 480 million dollarni tashkil qilgani ta’kidlandi. Shuningdek, o‘tgan olti oyda investitsiya dasturlari doirasida 240 million dollarlik 322 ta loyiha ishga tushirilib, 8 mingta ish o‘rni yaratilgan.

Lekin ayrim tuman va shaharlarda faqat kichik va o‘rta loyihalar bilan cheklanib qolinmoqda. Misol uchun, O‘rta Chirchiq, Chinoz, Qibray, Toshkent, Yangiyo‘l tumanlari va Nurafshon shahrida birorta ham yirik loyiha yo‘q.

Shu bois har bir tuman va shahar hokimiga yil yakuni bilan kamida 100 million dollardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb qilish vazifasi qo‘yildi.

Joriy yilning olti oyida viloyatda 440 million dollarlik eksport amalga oshirilgan. Sanoat va xizmat sohasi ko‘rsatkichlari ham oshgan. Lekin ayrim tuman va shaharlar kesimida olganda, tushgan. Bu yil qurilishi reja qilingan 114 ta ko‘p qavatli uy-joylardan hozirgacha atigi 9 tasi foydalanishga topshirilgan.

Bu borada kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan bir qator rahbarlar lavozimidan ozod qilindi.

Prezident joylarda soliq bazasini kengaytirish uchun mavjud imkoniyatlarni sanab o‘tdi. Har bir tadbirkorning muammosini hal qilishga alohida soliqchi mas’ul bo‘lishi belgilandi. Soliq idoralarini korrupsiyadan xoli tuzilmaga aylantirish, xodimlarining ma’naviy-axloqiy qiyofasini yaxshilash dolzarbligi ta’kidlandi.

Aholi bandligini ta’minlash va imtiyozli resurslarning yetib borishini osonlashtirish choralari belgilandi. Unga ko‘ra, endilikda hokim yordamchilari o‘zini o‘zi band qilganlarning kichik va o‘rta biznesga o‘tishiga ko‘maklashadi.

Buning uchun Yaponiya tajribasi asosida hududlarda biznes-inkubator va akseleratorlar tizimi joriy etiladi. Bunda, salohiyatli tadbirkorlarga dastlabki aylanma mablag‘lari uchun “ulushdorlik” kapitali beriladi.

“20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi asosida 400 ming aholi bandligini ta’minlash tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

Yig‘ilish yakunida tegishli vazirlik va idoralar, hududlar rahbarlarining axboroti tinglandi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Abdulaziz MUSAEV,

O‘zA muxbirlari