Nurafshon shahrida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Finlyandiyaning O‘zbekistondagi faxriy konsuli Alisher Jo‘rayev hamda Toshkent shahridagi Xalqaro Nordik universiteti rektori Sherzod Mustafaqulov bilan uchrashdi.
Muloqotda tomonlar metallurgiya, farmatsevtika, kommunal xizmat ko‘rsatish, ta’lim va boshqa sohalarda yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashdi.
Uchrashuv davomida viloyatda maktablardagi ta’lim-tarbiya tizimiga alohida e’tibor qaratish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi. Jumladan, bitta maktabda Finlyandiya ta’lim tizimini tajriba sifatida joriy etish borasidagi takliflar muhokama qilindi.
Muloqotda finlyandiyalik o‘qituvchilarni Toshkent viloyati maktablariga dars berish uchun jalb qilish, kelgusida ta’lim maskanlaridan saralangan eng iqtidorli yoshlarni Finlyandiya ta’lim muassasalarida o‘qishini davom ettirish imkoniyatini yaratishga kelishib olindi. Viloyat hokimi ta’lim yo‘nalishidagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga hamda hamkorlikka hamisha tayyor ekanini bildirdi.
A.Musayev, O‘zA