Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xalqaro ekspertlar nigohida
16:29 / 2025-10-21

Turizm manzillari

Toshkent viloyati boy tabiati, tarixiy yodgorliklari va zamonaviy infratuzilmasi bilan nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoda turizmning eng istiqbolli hududlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.  

Viloyat hokimining o‘rinbosari Jamshid Babajanov Gruziyaning nufuzli konsalting kompaniyasi – “Reformatiks” vakili Otar Berdzenishvili bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda O‘zbekistonda 2040 yilgacha mo‘ljallangan milliy turizmni rivojlantirish strategiyasi ustida so‘z bordi. Mazkur jarayonda xalqaro tajribaga ega “Reformatiks” kompaniyasi faol ishtirok etib, mamlakatning bir qator hududlarida, jumladan, Toshkent viloyatida ham o‘rganishlar olib bormoqda. 

Amalga oshirilgan ushbu tashrif strategik tahlilning muhim bosqichi bo‘lib, dastlabki natijalar viloyatning O‘zbekiston turizmini harakatlantiruvchi drayverga aylanish salohiyatiga egaligini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, ushbu kompaniya 2017 yildan buyon O‘zbekistonda iqtisodiyotni rivojlantirish sohalarida ilmiy-amaliy tahlillar olib bormoqda. 

Shu vaqtgacha ikki marotaba oraliq hisobot taqdim etilgan bo‘lib, ularda bir qancha yo‘nalishlar asosiy ustuvorlik kasb etgan. Xususan, turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish, xususiy sektor va investorlar ishtirokini kengaytirish, mehmonxona va servis xizmatlari sifatini oshirish, tarixiy obidalar hamda ziyorat maskanlarini saqlash va targ‘ib qilish, Toshkent viloyatini xalqaro turizm xaritasida faol aks ettirish kabilardir. 

Muloqot davomida J.Babajanov viloyatning turizm salohiyati, qadimiy tarixiy obidalar, arxeologik yodgorliklar, eko va gastronomik maskanlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shu bilan birga, so‘nggi yillarda agroturizm va tibbiyot turizmi yo‘nalishlari jadal rivojlanib borayotganini ta’kidladi. 

Yakunida tomonlar turistlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, servis sifatini oshirish, raqamli turizm infratuzilmasini joriy etish va yangi turizm marshrutlarini ishlab chiqish masalalarida hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishdi. 

Otar Berdzenishvili o‘z navbatida, Toshkent viloyati O‘zbekiston turizm siyosatida strategik ahamiyatga ega hudud ekanini, bu yerda xalqaro darajadagi turizm klasterlarini shakllantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini qayd etdi. 

A.Musayev, O‘zA.