English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
16:39 / 2026-03-10

Bekobod tumanida yangi IT Park qurilib, foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, tuman hokimi, turli tashkilotlar rahbarlari, iqtidorli yoshlar ishtirok etdi.

Ushbu loyiha hududda nafaqat yangi infratuzilmani, balki butun bir zamonaviy raqamli muhitni yaratadi.  Ayniqsa, yoshlar IT yo‘nalishlari bo‘yicha bilim,  o‘quv xonalarida dasturlash va startap loyihalarni amalga oshirish, sun’iy intellektdan to‘g‘ri foydalanish borasida  ta’lim oladi.  

Tadbir qatnashchilari binoda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.  

***

Chirchiq Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida sportning kamondan otish turi bo‘yicha kattalar o‘rtasida Toshkent viloyati chempionati bo‘lib o‘tdi.

Mazkur musobaqada barcha shahar va tumanlardan kelgan tajribali sportchilar o‘z mahoratini namoyish etdi. O‘zaro yuqori darajadagi raqobat va jozibali bahslar barchada katta taassurot qoldirdi.  

Chempionat yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindorlar aniqlandi hamda ular Respublika bosqichiga yo‘llanma olish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

***

Toshkent viloyat bojxona boshqarmasi hamda DXX xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent tumani hududida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Unda hududdagi xonadonlardan biri xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Jarayonda 7 ming 961 quti sifati kafolatlanmagan biologik faol qo‘shimchalar hamda dori vositalari saqlanayotgani aniqlandi. Shundan so‘ng xonadon egasiga tegishli bo‘lgan avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilganda, unda ham 6 ming 167 quti  sifati kafolatlanmagan biologik faol qo‘shimchalar va dori vositalari borligi aniqlandi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2 milliard so‘mdan ziyod bo‘lgan jami 13 ming 675 quti xorijda ishlab chiqarilgan biologik faol qo‘shimchalar va dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi. Hozir mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

A. Musayev, O‘zA