Dunyodagi eng go‘zal tuyg‘ular, ezgu niyatlar, avvalo, mo‘’tabar onalarimiz va munis opa-singillarimiz nomi bilan bog‘lanadi. Olmaliq shahridagi "Metallurg" madaniyat saroyida 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbir aynan ana shunday yuksak ehtirom ruhida o‘tdi.


Tadbirda shahar hokimi Qobil Hamdamov so‘zga chiqib, barcha xotin-qizlarni bahor ayyomi bilan muborakbod etdi. Hudud aholisining qariyb 53 foizini xotin-qizlar tashkil etishini alohida ta’kidladi. Quvonarlisi, fidokor ayollarning ulushi tibbiyotda 94 foiz, ta’limda 82 foiz, iqtisodiyot va sanoatda esa 44 foizni tashkil etmoqda. Shuningdek, 200 nafardan ortiq rahbar ayollar, 14 nafar fan doktori va 18 nafar fan nomzodlari ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Tadbirda jamiyat hayotida faol va tashabbuskor bo‘lgan, o‘z sohasi rivoji yo‘lida namuna ko‘rsatayotgan bir guruh xotin-qizlar faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Bayram tantanasi kuy-qo‘shiqlar va jozibali raqs dastalari bilan yanada fayzli o‘tdi. Sahna ko‘rinishlarida ona siymosi, bahor go‘zalligi va ayol nafosati tarannum etilib, iste’dodli san’atkorlarning chiqishlari barchaga ko‘tarinki kayfiyat va unutilmas lahzalarni tuhfa etdi. Sho‘x kuy va raqslar tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishlab, bayram zavqini yanada oshirdi.
***
Bo‘stonliq madaniy meros va turizm texnikumida “Kelajak mutaxassislari: mehnat bozori ehtiyojlari va zamonaviy kasbiy ta’lim uyg‘unligi” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Kasbiy ta’lim agentligi direktori A. Husanov, viloyat kasbiy ta’lim boshqarmasi boshlig‘i N. Kulbekova, Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Andrin Fink, tizimdagi texnikum direktorlari hamda soha mutaxassislari qatnashdi.


Tadbirda zamonaviy mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlash, kasbiy ta’lim sifatini oshirish hamda ta’lim jarayonini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, texnikumda “Mehmonxona xo‘jaligini boshqarish va tashkil etish” yo‘nalishi talabalari uchun zamonaviy standartlar asosida jihozlangan yangi amaliyot ustaxonasi foydalanishga topshirildi.
***
Toshkent viloyatida hududlarni obodonlashtirish, toza va sog‘lom ekologik muhitni yaratish hamda maishiy chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqib ketishni ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Shu maqsadda xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash uchun mahalliy byudjet hisobidan 16 ta zamonaviy elektr-motorollyor xarid qilindi. Yangi texnikalar viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasida sanitar xizmat ko‘rsatuvchi “Toza hudud” korxonasiga tantanali ravishda topshirildi.


Elektr-motorollyorlar aholiga bir qator qulayliklar yaratib, uzoq hududlarda yashovchi aholining maishiy chiqindilarini tezkor va samarali tarzda olib chiqib ketish imkonini beradi. Bundan tashqari, ular yirik chiqindi tashuvchi maxsus texnika kira olmaydigan tor ko‘chalar va ichki hududlarga ham kirish imkoniga ega. Bu esa xizmat ko‘rsatish qamrovini kengaytirishga va aholining murojaatlarini tezkor hal etishga xizmat qiladi.
A. Musayev, O‘zA