Toshkent viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tasarrufidagi 110 o‘rinli Olmaliq hamda 120 o‘rinli Yangiyo‘l shahar tumanlararo perinatal markazlarini kislorod bilan ta’minlash maqsadida mahalliy byudjetdan 1 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Mazkur mablag‘lar hisobiga tibbiyot muassasalarida barqaror kislorod ta’minoti yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda mazkur markazlar uzluksiz va samarali faoliyat yuritmoqda.
2025-yilda Quyi Chirchiq, Bekobod, Toshkent tumanlararo perinatal markazlarida ham kislorod stansiyalari o‘rnatilgan edi.


***
Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga ko‘ra, mamlakatimizda har haftaning payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni” sifatida belgilangan. Ushbu kunda sohalarga mas’ul rahbarlar mahallalar va ta’lim muassasalariga borib, yoshlar bilan uchrashadi, ularning muammo va takliflarini eshitib, yechim topish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etadi.
Mazkur topshiriq ijrosi doirasida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida ushbu ta’lim muassasasida tahsil olayotgan Toshkent viloyatilik bitiruvchi talabalar uchun ochiq muloqot tashkil etildi.

Uchrashuvda viloyat hokimi o‘rinbosari Otabek Sultonbekov, mazkur oliy o‘quv yurti rektori Inomjon Majidov, barcha tuman va shahar hokimlarining tegishli o‘rinbosarlari, ta’lim tashkilotlari mas’ullari, boshqarma va idoralar rahbarlari, bank-moliya muassasalari vakillari hamda bitiruvchi talabalar ishtirok etdi. Muloqotda yoshlarga yaratilayotgan qulayliklar, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida aytib o‘tildi. Talabalarining taklif va tashabbuslari tinglandi.

***
Toshkent viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi Ohangaron tumanida nazorat tadbiri o‘tkazdi.
Xususan, hududning "Gulobod" MFY hududida noqonuniy ravishda sava qushlarini ovlayotgan shaxs aniqlandi. Mazkur holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Ushbu holatga qonuniy baho berish uchun to‘plangan hujjatlar Ohangaron tuman jinoiy ishlar sudiga yuborildi. Shuningdek, sava qushlari inspektorlar tomonidan ochiq tabiat qo‘yniga qo‘yib yuborildi.


A. Musayev, O‘zA