Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
17:14 / 2026-02-25

Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev rahbarligida o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasining bahorgi mavsumiga start berilgani e’lon qilindi.

Mavsumda ko‘chat ekiladigan hududlarni aniqlab, mas’ullar biriktirish, sug‘orish tizimlarini yo‘lga qo‘yish va parvarish ishlarini sifatli tashkil etish masalalari bo‘yicha takliflar bildirildi. Bu muhim mavsum bo‘yicha viloyatda dolzarb 35 kunlik e’lon qilinib, barcha ishlarni aprelga qadar sifatli yakunlashga kelishildi.  

***

“Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” ezgu g‘oyasi asosida hududlarda xayrli ishlar davom etmoqda. Mazkur ezgu tashabbus doirasida boshqarma va tashkilotlar rahbarlari ehtiyojmand oilalar holidan xabar olib, ularning xonadonida iftorlik dasturxonlarini yozmoqda.  

Shu kabi savobli tadbirlar viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, “Toshvilbozorsavdo” uyushmasi, hamda viloyat mudofaa ishlari va sport boshqarmasi mutasaddilari tomonidan ham tashkil etildi. Tadbir davomida ehtiyojmand oilalar bilan muloqot qilinib, ularning turmush sharoiti bilan yaqindan tanishildi, zarur ko‘mak va yordamlar ko‘rsatildi.

Bundan tashqari, hududlarda aholiga qulaylik yaratish maqsadida arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlarining savdo yarmarkasi tashkil etilgan. Maqsad — aholining kundalik ehtiyoj mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish, narx-navoni barqarorlashtirish hamda kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Bunda aholiga kundalik iste’mol uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari bozor narxiga nisbatan arzon narxlarda taklif etilyapti.

***

Yangiyo‘l tumanida joylashgan DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismlarning birida harbiy xizmatchilar uchun xizmat xonadonlari berildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda DXX Chegara qo‘shinlari faxriylari, harbiy xizmatchilar, qurilish ishlarida ishtirok etgan mutaxassislar hamda jamoat tashkilotlari vakillari qatnashdi.  

Unda so‘z olganlar Prezidentimiz tomonidan harbiy xizmatchilar, oila a’zolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va xizmat sharoitlarini yaratish borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Milliylik va zamonaviylik uyg‘unligida barpo etilgan xizmat uylarida yosh oilalar uchun qulay sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun o‘yingoh qurib bitkazildi.  

A.Musayev, O‘zA