Toshkent viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan Quyi Chirchiq tumani hududida olib borilayotgan qurilish ob’ektlarida monitoring tadbirlari o‘tkazildi.
Jarayonda ayrim ob’ektlarda tasdiqlangan loyiha hujjatlariga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishlar kiritilib, qurilish-montaj ishlari belgilangan loyiha talablariga zid ravishda amalga oshirilayotgani aniqlandi. Xususan, maishiy xizmat binosi loyihasiga muvofiq ikkinchi qavat to‘liq oynavand holatda qurilishi belgilangan bo‘lsa-da, amalda mazkur qism g‘isht bilan yopib tashlangani qayd etildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida belgilangan tartibda buzdirish ishlari olib borildi.
Shuningdek, yana bir qurilish ob’ektida beton tayyorlash ishlari davomida armakarkaz to‘qish jarayonlari loyiha hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilmagan. Bu holat yuzasidan ham mas’ul shaxslarga tegishli ko‘rsatmalar berildi va kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rildi.


***
“Navoiy” chegara bojxona postiga piyoda holda kirib kelgan yo‘lovchi harakatlarida shubha uyg‘otuvchi holatlar kuzatilgan va bojxona xodimi tomonidan fuqaro “Body scanner” qurilmasi orqali bojxona nazoratidan o‘tkazilgan.
Shaxsiy ko‘rik natijasida fuqaroning oyoq kiyimlari ostiga yashirilgan, og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan hamda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etilmagan qiymati 316 million so‘m, umumiy og‘irligi 338 gramm bo‘lgan quyma oltin parchalari fosh etildi. Mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.


***
Sportning baydarka va kanoe turi bo‘yicha U-18 yosh toifalari o‘rtasida Toshkent viloyati chempionati o‘tkazildi. Mazkur musobaqa yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobatni kuchaytirish, ularning mahoratini oshirish hamda kelajakda respublika va xalqaro musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qiladigan sportchilarni saralab olish maqsadida tashkil etildi.
Chempionat davomida viloyatning turli shahar va tumanlaridan kelgan iqtidorli sportchilar o‘zaro bellashib, suv sporti yo‘nalishidagi tayyorgarligi, chidamliligi va texnik mahoratini namoyish etdi. Bahslar qizg‘in va murosasiz kechib, har bir yo‘nalishda eng kuchli sportchilar aniqlandi.
Yakunda g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.


A.Musayev,O‘zA