Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tomonidan Toshkent viloyatida keng qamrovli o‘rganishlar amalga oshirildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan yig‘ilishda o‘tgan yil davomida yoshlar siyosati yo‘nalishida bajarilgan ishlar o‘rganishlar natijasiga ko‘ra tahlil qilindi.
Tadbirda O‘zbekiston mahallalar uyushmasi rahbari, Mahallalarda yoshlar bilan ishlash komissiyasi raisi Qahramon Quronboyev, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Muhokamalarda yoshlarning bandligini ta’minlash, ayniqsa, harbiy xizmatdan qaytganlar va ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirish, huquqbuzarliklarning oldini olish, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalari ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Shuningdek, yoshlarga yer ajratish amaliyotini kengaytirish, kooperatsiya asosida daromadli loyihalarni yo‘lga qo‘yishning Toshkent viloyati tajribasini yaratish, shuningdek, Navro‘z umumxalq bayrami arafasida viloyatning barcha hududlarida yoshlar sayllarini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi. Uchrashuv yakunida mas’ul rahbarlarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish, yoshlar bilan manzilli ishlash samaradorligini oshirish zarurligi ta’kidlandi.

***
Chirchiq shahrini kompleks rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari I.Norqulov, Toshkent viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari O.Tursunov, Chirchiq shahar hokimi M. Abdurahimov hamda tegishli mutasaddilar ishtirok etdi. Shuningdek, xalqaro tashkilotlar ekspertlari qatnashdi.
Uchrashuv davomida Chirchiq shahri va Chirchiq daryosi sohilini rivojlantirish bo‘yicha master-reja ishlab chiqish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, shaharning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirish, muhandislik-kommunikatsiya va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, investitsiyaviy jozibadorlikni kuchaytirish, zamonaviy shaharsozlik yechimlarini joriy etish hamda daryo sohilini obodonlashtirish yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Yakunda xalqaro moliya institutlari va ekspertlar bilan hamkorlikda aniq taklif va tashabbuslar asosida kompleks master-reja ishlab chiqishga kelishib olindi. Mazkur hujjat shaharning barqaror va izchil rivojlanishida muhim dasturiy asos bo‘lib xizmat qiladi.


***
Tahlillarga ko‘ra, 2025-yil Toshkent viloyatida onalik va bolalikni muhofaza qilish, reproduktiv salomatlikni mustahkamlash borasida qator ishlar amalga oshirildi. Onalik va bolalik Kengashining navbatdagi yig‘ilishida ana shu ishlar sarhisob qilinib, joriy yil uchun ustuvor vazifalar belgilab olindi.


Unda onalik va bolalik yo‘nalishi bo‘yicha mas’ul o‘rinbosarlar,Tug‘ruq majmualari, Bolalar bo‘limlari rahbarlari, bosh doyalar, sohaning mas’ul mutaxassislari ishtirok etdi. Asosiy e’tibor birlamchi tizimda homilador va tuqqan ayollarga xizmat sifatini yaxshilash, onkologik kasalliklarni erta aniqlash, yangi va chala tug‘ilgan chaqaloqlarga reanimatsion yordamni kuchaytirishga qaratildi.
Shuningdek, 42 nafar hudud mutaxassisi xorij davlatiga malaka oshirish uchun yuborilishi rejalashtirildi. Tibbiyot muassasalarida korrupsiyaning oldini olish maqsadida anonim murojaat qutilari joriy etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
A. Musayev, O‘zA