Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Piskent tumanini kompleks rivojlantirish, aholi uchun zamonaviy va qulay infratuzilmani amalga oshirish ishlarini mas’ullar ishtirokida joyiga chiqqan holda ko‘zdan kechirdi.
Rivojlanish dasturi doirasida tumanda suv yetib bormagan mahallalarni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, “Yangi Piskent” bog‘ini barpo etish, “Birlik” MFYda 24/7 ko‘ngilochar va zamonaviy sayyohlik ko‘chasini tashkil etish, tuman markazini yangicha qiyofaga keltirish, ko‘p qavatli turar-joy binolarini qurish, sanoat zonalarini tashkil etish va boshqa ko‘plab rejalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Muhimi, tuman markazini aholi yashashi va dam olishi uchun qulay, zamonaviy shahar muhitiga aylantirish, xizmat ko‘rsatish hamda turizm sohalarini rivojlantirish uchun zarur infratuzilmalar yaratilmoqda. Tumanni kompleks rivojlantirish, sanoat zonasini tashkil etish, urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirish, xizmat ko‘rsatish va turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan aniq rejalar bo‘yicha mas’ullar tomonidan batafsil axborot berildi.
***
Bekobod shahrida sportning badiiy gimnastika turi bo‘yicha yoshlar o‘rtasida Toshkent viloyati chempionati bo‘lib o‘tdi. Mazkur musobaqa yosh sportchilar o‘rtasida iqtidorli gimnastikachilarni aniqlash, ularning mahoratini oshirish hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish maqsadida tashkil etildi.


Chempionatda viloyatning turli hududlaridan kelgan yosh sportchilar o‘zaro bellashib, badiiy gimnastika bo‘yicha o‘zlarining chiqishlari, texnik mahorati va sahna madaniyatini namoyish etdi. Musobaqa yakunlariga ko‘ra, eng yaxshi natijalarni qayd etgan sportchilar g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi hamda diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Ushbu chempionat yoshlar o‘rtasida badiiy gimnastika sport turini yanada rivojlantirish va kelajakda respublika hamda xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etadigan sportchilarni saralab olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
***
Italiya davlatida bo‘lib turgan Toshkent davlat agrar universiteti prorektori A.Abduvasikov “Tuscia universiteti”ga tashrif buyurdi. Unda mazkur oliygoh rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazilib, hamkorlik shartnomasi imzolandi. Kelishuv professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma va ikki diplomli dasturlar, ilmiy loyihalar hamda akademik mobillik yo‘nalishlarini qamrab oladi.


Shuningdek, delegatsiya “Food and Agriculture Organization of the United Nations” tashkilotining Rim shahridagi bosh qarorgohida “E-learning Academy” loyihasi doirasida hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Mazkur kelishuvlar Toshkent davlat agrar universiteti talabalari va tadqiqotchilari uchun xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini kengaytiradi.
A. Musayev, O‘zA