French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
17:00 / 2026-02-20

Chirchiq shahridagi “Kimyo-industrial texnoparki” hududida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Unda Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi raisi S.Fayziyeva, shahar hokimi M.Abdurahimov hamda Respublika ishchi guruhi a’zolari ishtirok etdi. Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi hamda Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish borasida belgilangan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyati keng tushuntirildi.

Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari uchun amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan imkoniyatlar, imtiyoz va preferensiyalar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi. Muloqot jarayonida tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan dolzarb masalalar tinglanib, ularni hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Uchrashuvda hududning mavjud iqtisodiy salohiyati, istiqbolli investitsiyaviy loyihalar hamda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar yuzasidan tushuntirishlar berildi.

***

Ma’lumki, bojxona nazoratida yashirin iqtisodiyotning eng salbiy oqibatlaridan biri — davlat byudjetiga bojxona to‘lovlari tushumlarining kamayishi hamda sifatsiz, kafolatlanmagan tovarlar iste’molchilar manfaatiga ziyon yetkazishidir.

Xususan, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “Yallama” chegara bojxona postida ham ko‘rikdan o‘tkazilgan avtotransport vositasi yuklari orasidan hujjatlarda aks etmagan, qiymati 1,5 milliard so‘mdan ziyod tovarlar aniqlandi. Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

***

Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi tasarrufidagi Olmaliq shahridagi 80-sonli kar va zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida surdo taekvondo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari bilan muloqot tashkil etildi.

Unda mehmonlar maktab-internatda maxsus ehtiyojga ega bolalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Zamonaviy jihozlangan ta’lim xonalari, boy fondga ega kutubxona, sport zallari hamda turli yo‘nalishdagi to‘garaklar faoliyati sportchilarda katta taassurot qoldirdi.

Shundan so‘ng o‘quvchilar bilan ochiq va samimiy suhbat bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida bolalarning orzu-maqsadlari, qiziqishlari, to‘garaklardagi faolligi haqida fikr almashildi. Ayniqsa, surdo sport turi bo‘yicha o‘tkazilayotgan musobaqalar, maktab o‘quvchilarining ushbu yo‘nalishga qiziqishi va erishayotgan natijalari alohida e’tirof etildi.

Tadbir jarayonida o‘quvchilar tomonidan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Bunday uchrashuv va muloqotlar esa ularning ishonchini mustahkamlab, yangi marralar sari ruhlantiradi.

A. Musayev, O‘zA.