Respublika va viloyat ishchi guruhi hamkorligida “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan” shiori ostida o‘tkazilayotgan keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot tadbirlari Parkent tumanida izchil davom etmoqda.
Mazkur tashabbusning bosh maqsadi aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, yoshlarni turli yot g‘oya va zararli ta’sirlardan asrash, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlashdan iboratdir. Tadbirlar davomida ma’rifatning kuchi, ilm-fanning ahamiyati, milliy va umuminsoniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Unda davlat va nodavlat tashkilotlari rahbarlari hamda xodimlari, ta’lim muassasalari o‘qituvchilari, murabbiylar va o‘quvchi-yoshlar, mahalla faollari, uyushmagan aholi vakillari, xotin-qizlar ham faol ishtirok etmoqda. Fuqarolarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berilib, dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashilmoqda.Shuningdek, aholining ayrim toifalari bilan yakka tartibdagi suhbatlar ham o‘tkazilib, ularning muammo va takliflari o‘rganilmoqda. Bu orqali har bir fuqaroning murojaati e’tibordan chetda qolmasligi ta’minlanmoqda.
***
Tovar-moddiy boyliklarni bojxona nazoratidan yashirincha olib kirishga bo‘lgan urinishlarga qarshi kurashish, shuningdek, yashirin iqtisodiyot omillarini bartaraf etish borasida bojxona organlari tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilyapti.
Jumladan, “Yallama” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan yurtimizda faoliyat yuritayotgan mas’uliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga olib kirilayotgan tovarlar belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazildi. Tashkilotning ishonchli vakili hamda xolislar ishtirokida o‘tkazilgan ko‘rik davomida avtomashina yukxonasida hujjatlarda ko‘rsatilmagan, umumiy qiymati 1 milliard 440 million so‘mlik 7 200 dona idish borligi aniqlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

***
Prezidentimiz topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida muborak Ramazon oyi munosabati bilan Toshkent viloyati shahar va tumanlarida arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Maqsad — muqaddas oy oldidan aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Xususan, Parkent tumani hokimi Elmurod Po‘latov hudud mas’ullari ishtirokida Parkent dehqon bozorida tashkil etilgan savdo jarayonini ko‘zdan kechirdi. Yarmarkada asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari aholi uchun arzonlashtirilgan narxlarda taklif etilmoqda. Mas’ullar tomonidan narx-navoning barqarorligi, mahsulot sifati hamda savdo tartibiga rioya etilishi yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Abdulaziz Musayev, O‘zA